DAN-xodimlari haqida latifalar

Bir odam avtomobilini katta tezlikda haydab ketayotsa, GAI xodimi to‘xtatib so‘rabdi:
— Nega bunchalik gazni bosib kelyapsiz? - desa haydovchi:
— Yo‘llarimiz ravon, yurtimiz tinch bo‘lsa... Sizdek posbonlarimiz xizmatda bo‘lsa... Nimadan qo‘rqamiz!? Bosamizda gazni, - desa GAI xodimi g‘ururlanib:
— Oq yo‘l! - degan ekan.
Ayol kishi boshqarib ketayotgan mashinani YPH xodimi to‘xtatib:
— Hurmatli haydovchi, uzoqdan qarab turibman aniq 80! – desa, ayol:
— Yo‘q! Nimalar deyapsiz?! 80 da emasman. Shunchaki, ko‘ylagim qari ko‘rsatyapti, - dermish.
— Men yangi antiradar sotib oldim.
— Xo‘sh, nima karomat ko‘rsatar ekan?
— YPH xodimi turgan joyga 300 metr qolganda "Pulni tayyorla!" deb aytadi.

Haydovchi ertalab soat 4 da yo‘lda ketayotsa, YPH xizmati xodimi daraxt orqasidan yugurib chiqib, mashinani to‘xtatibdi.
— Erta tongdan qayoqqa ketyapsiz hurmatli haydovchi. Hamma odamlar uxlab yotibdi. Shubhali...?!
— Men ham shuni aytaman. Hamma odamlar uxlab yotganda siz daraxt orqasida nima qilib turibsiz?!

Yo‘l patrul xizmati xodimi haydovchini to‘xtatib tekshirsa, mast ekan.
— Hurmatli haydovchi! Sizning mast ekaningizni tasdiqlash uchun biz bilan ekspertizaga borishingizga to‘g‘ri keladi, - debdi.
Haydovchi:
— Mast emasman axir! To‘rttaloving meni sudrab ham olib borolmaysanlar, - dermish.
Kecha 100 ming so‘mlik pulga "mayda" topolmay qoldim. Hech kimda yo‘q...
Qarasam yo‘l chetida YPH xodimi turibdi. Yonga borib:
— 100 ming so‘mga maydangiz yo‘qmi? - desam, u:
— Yo‘q, hali tushmadi! Hozirgina kelib turibman o‘zi! - deydi.
Haydovchini YPH xodimi to‘xtatibdi. Spirtli ichimlik hidini sezgan xodim:
— Hurmatli haydovchi, spirtli ichimlik iste’mol qilganmisiz? - debdi.
— Yo‘q, - debdi haydovchi.
Xodim yana:
— Sizni tekshiruvga olib boramiz...! - desa, haydovchi:
— Baliq yegandim, - debdi.
Xodim:
— Baliq yesangiz, spirt hidi keladimi? - deb so‘rabdi.
Haydovchi bo‘lsa:
— Baliq aroq ichgan ekan-da, - degan ekan.
YPH xodimi haydovchini to‘xtatib so‘ray boshlabdi:
— Haydovchilik guvohnomangiz bormi?
— Bor, marhamat.
— Mashinani texnik ko‘rik hujjatlari bormi?
— Albatta.
— Sug‘urta polisi?
— Bor.
— Aptechka?
— Bor.
— O‘t o‘chirgich?
— Bor.
— Hamma narsangiz bo‘lsa, bir ashulani sho‘xidan qo‘ying, qistir-qistir bo‘lar...!
— Iloji yo‘q. Kobalt mashinasida hamma narsa bor-ku, lekin magnitofon yo‘q...