Erkaklar haqida latifalar

Chaqalog‘i bilan o‘ynab o‘tirgan ayol:
— Senga mazza-da... Ovqatlanasan, uxlaysan, xojatdan keyin yana ovqatlanasan, ... uxlaysan... – deb bolasiga gapirayotsa, qo‘shni xonada televizor ko‘rib yotgan eri:
— Haqqim bor! Bugun yakshanba - dam olish kunim! – dermish.
Er-xotin va o‘g‘li Samarqand shahrini aylanib yurishgan ekan. O‘g‘li onasidan so‘rabdi:
— Siz qayerda tug‘ilgansiz?
— Qo‘qonda.
— Ada siz qayerda tug‘ilgansiz?
— Qarshida.
— Men-chi?
— Toshkentda.
— Qanday yaxshi-ya! Uchchalamiz uchta joyda tug‘ilib, bir joyda uchrashib turibmiz.
Erdan xotiniga SMS:
— Xotin, ishxonada oyog‘imga temir tushib ketdi. Maftuna shifoxonaga olib keldi. Endi oyog‘imni kesishar ekan...
Xotindan SMS:
— Maftuna kim?!
Bir erkakning do‘stiga aytib bergan voqeasi:
— Bilasanmi do‘stim, yoshi kattalarning maslahatiga kirib bir ish qilgandim.
— Nima ish ekan u?
— Xotinimning baqir-chaqiri, gap-so‘zlarini bu qulog‘im bilan eshitib, unisidan chiqarib yuborishni o‘rganib olgan edim.
— Xo‘sh qalay? Foydasi bo‘ldimi? Qulog‘ing ancha tinchigandir-a?!
— Nimasini aytasan!? Xotinimni baqir-chaqiriga e’tibor bermay yuraveribman... U bo‘lsa, hammom eshigini ocha olmay, ichkarida ancha kun qulflanib qolib ketibdi.
Ikki do‘st suhbatidan:
— Nima o‘qiyapsan?
— Gazetadagi maqola. Erini cho‘ntagidan pul o‘g‘irlaydigan xotin haqida ekan.
— Uni nima qilmoqchisan?
— Maqoladan nusxa ko‘paytirib, kiyimimning har bir cho‘ntagiga solib qo‘ymoqchiman.
Bir erkak do‘stiga debdi:
— Kecha tungi klubda xotinimni bir mast odam bilan raqs tushayotganini ko‘rdim.
— Yoniga borib tarsaki tortib yubormadingmi?!
— Qanaqasiga yoniga boraman? Axir men zarur ish bilan xizmat safariga ketganman-ku!?
Xotin eriga qo‘ng‘iroq qilib debdi:
— Adasi, sizga ikkita yangiligim bor. Birinchisi yaxshi, ikkinchisi yomon.
G‘azablangan er:
— Yomonidan boshla!
— Yomoni shuki, kaptivani urib oldim.
— Yaxshisi-chi?
— Boshqa bunday qilmayman...
— Adasi, yana ovqat yeysizmi?
— Ha, albatta. Axir shuncha mehnatim ketgan.
— Qanaqa mehnat? Ovqatni men tayyorladim-ku?!
— Men xotin tanlashga deyapman.
Er xizmat safariga keta turib, xotiniga debdi:
— Kompyuterimni aslo yoqa ko‘rma! Agar yoqsang, kayfiyating buzilishi aniq!
Tabiiyki, xotini kompyuterni yoqib ko‘rgan...
Er safardan qaytsa, ostonada g‘azab bilan xotin kutib turibdi.
— Kompyuterimga tegibsan-da baribir...!? – debdi er.
Xotini javray boshlabdi:
— Ha, kompyuteringizni yoqib, behayo suratlar, ma’shuqangizga yozgan xatlaringizni qidirdim. Shuncha vaqtim ketdi. Birortasini ham topa olmadim, umuman yo‘q!!!
— Shunga kayfiyating yo‘qmi?
— Ha!
— Men senga nima degandim!?
Konsert paytida ayol erini turtib debdi:
— Shoqosim aka qarang, anavi kishi konsert paytida uxlab o‘tiribdi-ya...
Eri:
— Shuni deb meni uyg‘otdingmi?!