Oila haqida latifalar

Xotin eriga:
— Azizim, qaymoq tugadi!
Eri:
— “Tugadi” emas, “Tugatdim” degin. Qachon vijdon bilan gapiradigan bo‘lasan-a?
Bir erkakning xotini erini jahlini chiqaraveribdi. Oxiri eri uni kaltaklashni boshlabdi.
Shu payt ko‘chadan yoshi ulug‘ mo‘ysafid o‘tib ketayotib, bu janjalni ko‘rib qolibdi va debdi:
— Hoy, nega sen ayolingni bunchalik kaltaklayapsan? Agar xotinni tarbiyalamoqchi yoki jazolamoqchi bo‘lsang, xotin ustiga xotin ol! Shunda ko‘rasan!
Er mo‘ysafidni gapini eshitib tursa, xotini:
— Bu cholni gaplarini umuman eshitmang adasi. Uring, uravering! – degan ekan.
Er xotin suhbatidan:
— Qora shimim qani?
— Kecha yuvgandim, kichrayib qolibdi, ukamga berib yubordim!
— Ko‘k ko‘ylagim qayerda?
— Uni ham yuvgan edim, kichrayib qolibdi, ukamga berib yubordim!
— Undan ko‘ra meni yuvib kichraytirib, singlinga bervorsang bo‘lmaydimi?!
Eri kompyuterda o‘yin o‘ynab o‘tirsa, xotini yoniga kelib:
— Adasi, menga-yam bering. Biroz o‘yin o‘ynay, - debdi.
Eri bo‘lsa asabiylashib:
— Ovqat qilayotganingda biror martta cho‘michni so‘raganmanmi sendan?! - dermish.
Xotin kechasi ichib kelgan mast erini o‘rniga yotqizmoqda:
— Azizam, shiftda uchib yurgan nima?
— Pashsha-ku!
— Nega u oppoq?
— Hozir kechasi bo‘lsa, tungi ko‘ylagini kiyib olgandir-da!
Judayam ziqna boy bo‘lgan ekan. Bir kuni qo‘shni qishloqqa oshnasinikiga mehmonga boribdi. Endi o‘tirgan ekan, uydagi shamni o‘chirib keldimmi yo‘qmi, degan savol qiynay boshlabdi. Borib kelay desa yo‘l uzoq, bormay desa shamni erib qolishini o‘ylab yuragi uvishib ketibdi. Oxiri chidolmay yo‘lga tushibdi. Xalloslab uyiga kelib, eshikni taqillatibdi. Xotini chiqib, eshikni ochmoqchi bo‘lgan ekan...
Boy:
— Eshikni ochma, hadyeb ochib yopilaversa eshik yemirilib ketadi. Uydagi shamni uchirib qo‘y, shuni aytishga kelgan edim. Men shundoq izimga qaytib ketaman. Tayyor oshdan qolmay.
Xotini:
— Voy dadajonisi-yey, menku shamni allaqachon o‘chirib qo‘yganman, siz shu gapni aytish uchun shuncha yo‘l bosib keldizmi, kovushingizni tagini yemirib?
Boy:
— Xavotir olma xotin, kovushim qo‘ltig‘imda!
Xotin eriga:
— Adasi, qachon gilam olib berasiz? - desa, eri:
— Haddingdan oshma, supurgingda uchib yuraver! - degan ekan.
Bir kishining xotini vaznini o‘lchamoqchi bo‘lib tarozi ustiga chiqibdi-da, semiz qornini ichiga torta boshlabdi. Buni ko‘rgan er:
— Ovora bo‘lma xotin, baribir vazning kamayib qolmaydi, - deb kulibdi.
Xotini esa eriga qarab:
— Hech bo‘lmasa tarozi nechini ko‘rsatayotganiga qarab olay!, - debdi.
Bir kishi soch-soqollarini o‘stirib yurar ekan. Bir kuni sartaroshga kirib, soch-soqollarini oldirib, kal bo‘lib uyiga kirib kelsa, xotini yugurib kelib, quchoqlab olibdi.
— Ha xotin, tinchlikmi? – desa, - xotini:
— O‘ling, sizmidingiz, - dermish.
To‘ydan keyin kelin ma’yus ohangda:
— Har kuni ovqat pishiraman, kir yuvaman, supuraman, tozalayman, dazmollayman, ... O‘zimni ertakdagi Zumraddek his qilyapman, - desa, eri:
— Aytgandim-ku, myenga turmushga chiqsang, ertaklardagidek yashaysan deb, - dermish.