Ozbekona haqida latifalar

“Ovqat yeb o‘tiribsanmi, hech kimni eshitma va gapirma!” deb o‘rgatar edi onalar yosh bolalariga.
Fahmlashimcha “katta kresloda” o‘tirganlar bu iborani juda yaxshi o‘zlashtirganga o‘xshashadi.
Psixolog ayol kishidan so‘rabdi:
— Qaysi ayol erini qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qiladi?
Ayol:
— Faqat yer qabul qiladi, - deb javob bergan ekan.
Zargarlik do‘koniga kirgan yigit soatlarga qarab tursa, sotuvchi qiz kelib debdi:
— Hurmatli mijoz, sizni omadingiz bor ekan. Bizda ayollar ziraklariga chegirmalar boshlandi. Sevgan qizingizga arzon narxlarda zirak sotib olishingiz mumkin.
Yigit xafa bo‘lib:
— Sevgan qizim yo‘q meni, - debdi.
Sotuvchi yana:
— Qanaqasiga?! Shunday kelishgan yigitni sevgan qizi bo‘lmasa?! Nega axir? – desa, yigit yana xafa bo‘lib:
— Xotinim ruxsat bermayapti, - dermish.
Juda qalin dugonalar suhbatlashmoqda:
— Bilasanmi, erim meni “Quyoncham” deb chaqira boshladi.
— Axir bu zo‘r-ku!
— Nimasi zo‘r?! Erim ismimni unutib qo‘yganga o‘xshaydi....!
Xotinining janjallaridan to‘yib ketgan er ortiq bundan yashab bo‘lmasligini tushunib yetibdi. “Bir nima qilishim kerak!” deb o‘ylabdi-da, shartta derazani ochib tokchaga chiqibdi. 6-qavatdan pastga qarab tursa, xotini chiqib qolibdi:
— Nima qilyapsiz, adasi? – debdi xotini.
— Xayr xotin! Ortiq sen bilan yashay olmayman! Jonga tegdi! Hozir o‘zimni shu yerdan tashlayman! – debdi eri.
Xotini yugurib oshxonaga kirib ketibdi. Zum o‘tmay, qo‘lida axlat chelak bilan chiqib debdi:
— Adasi shuni ham olib keting. Baribir pastga ketyapsiz-ku...!
Bir kuni er-xotin urishib qolibdi.
Eri:
— Sen bilan ortiq yashay olmayman. Narsalaringni olgin-da, ota uyingga jo‘na! – debdi.
Xotini ketibdi.
Kun kech bo‘lgach, eri sekin telefonni olib xotiniga qo‘ng‘iroq qilib debdi:
— Onasi, boraymi...?!
— Mayli. Faqat bitta shartim bor.
— Ho‘sh?..
— Oshxonaga kiring.
— Kirdim.
— Qo‘lingizga likopchani olib, uni zarb bilan yerga uring!
— Urdim.
— Endi siniqlarini yig‘ib, avvalgi holiga keltiring.
— Iye, xotin. Men plastik tarelkani yerga urgandim. Singani yo‘q...!
— Obbo! Ming yillik rivoyatni rasvo qildingiz. Keling, tezroq olib keting. Ota-onamga birrovga keldim, degandim, - debdi xotini.
Yarim tunda uyga mast ahvolda kirib kelgan erini yoniga xotini kelib:
— Sizga nima deyishni ham bilmay qoldim, - desa, eri:
— Hayriyat-yey, seni-yam gaping tugar ekan-a, - dermish.
Hurmatli erkaklar! Agar siz maktab bilan bir devor qo‘shni bo‘lsangiz ham, xotiningiz shaharni narigi chetidagi maktabga farzandingizni o‘qishga beradi...
Turmushga chiqqan qiz onasiga norozi bo‘lib shikoyat qilayotganmish:
— Oyi, erim bilan ortiq yashay olmayman!
— Nega?
— Uni tushuna olmayapman. Har doim tortishamiz, janjallashamiz. Erimni kamchiliklari juda ko‘p!
— Qizim, sen olcha yeyishni yaxshi ko‘rasanmi?
— Olcha? Ha, albatta. Lekin hozir buni nima aloqasi bor?
— Olchalarni yeganingda ichidagi danaklarini chiqarib tashlaysan-ku... Hayotda ham shunday qilgin. Olchani yegin-u, danagini olib tashlashni o‘rgan!
Ayrim sevishganlar bir-biriga shunday o‘xshashki hayollarida ham bir hil o‘ylashadi. Hattoki urushib qolgandayam: "San bo‘lmasang boshqasi!" Xullas, bir-biriga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos bo‘lishadi...