— Allo, eshitishimizcha, siz ish qidirayotgan ekansiz...?!
— Ha! Siz menga ish taklif qilmoqchimisiz?
— Yo‘q. Kreditga uy taklif qilmoqchiman. Ishga joylashib olgach, shu raqamga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysangiz...!
Bir ayol dugonasiga qo‘ng‘iroq qilib nolibdi:
Qizim tarbiyasiz bo‘lib ketyapti. Endi 16 ga to‘ldi-yu, ochiq-sochiq kiyinib olib yarim tungacha ko‘cha sang‘iydi... Mana, bugun meni 30 yoshga to‘lganim bilan tabriklamadi ham...
Tirband avtobusda bir erkakning baland ovozi eshitilibdi:
— Akvariumim bor. O‘tkazib yuborsangiz-chi!
Buni eshitgan bolakay qiziqib so‘rabdi:
— Amaki, akvarium qani?
Erkak o‘zidan oldin kirib kelayotgan katta, dum dumaloq qornini silab:
— Mana akvarium. Ichida 1 litr pivo bilan 2 ta selyodka bor, - dermish.
— Do‘stim, nega kayfiyating yo‘q?
— E, ko‘rmaysanmi! Benzin yana oshibdi.
— Senga nima? Axir seni mashinang yo‘q-ku!
— Mashinam bo‘lmasa ham, Zippo zajigalkam bor-ku! Unga benzinni kim quyadi!?
Bir erkak oyoqda tura olmaydigan ahvolda mast bo‘lib o‘yga kelibdi.
“Jahl otiga mingan” xotini endi baqiraman desa, eri qo‘lini labiga qo‘yib:
— Tsh-sh-sh, jim! Men bir narsa topdim, - debdi.
— Nima? – debdi xotini.
— Sabr qil. Ertalab aytaman, - deb uxlab qolibdi eri.
Tong otishini sabrsizlik bilan kutgan xotin, eri uyg‘onishi bilan so‘rabdi:
— Ho‘sh, topgan narsangizni ayting endi!
Eri:
— Aytsam ishonmaysan... Yangi mayxona topdim, - dermish.
Yandeks taksilari! Hamma joyni topa oladi. Faqat sizning ko‘changiz va qaytim uchun mayda pullardan tashqari...!
Psixiatr:
— Tushunishimcha, bugundan svet, gaz va benzin narxi oshganini eshitib umuman asabiylashmadingiz, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri. Mutlaqo!
— Bu kasallik sizda qachondan beri kuzatiladi?
Kollejda dars jarayoni:
— Eshmatov, nega vazifani bajarmading?
— Men Yoshlar Ittifoqi bilan tadbir qilyapmiz. Tayyorgarlikda edim. Tavsiya qilishsa, talaba bo‘laman.
— Tushunarli, o‘tir! Toshmatova, vazifani bajardingmi?
— Nashriyotga borgandim. She’riy kitobim chiqyapti. Zulfiyachilarga imtiyoz bor ekan. Xudo xohlasa, talaba bo‘laman.
— Yaxshi, o‘tir. Ha Abdurayim, kech qolibsan!? Vazifaniyam bajarmagandirsan?
— Endi dars qilishim shart emas. Dadam harbiy. Deyarli talabaman.
— Kir, joyinga o‘tir. Soliyev?
— Ustoz, avval ham aytganman. Kollejni bitirib olsam, dadam bilan Rossiyaga ketaman.
— Sen-chi?
— Ustoz men IELTS o‘qiyapman.
— Hech kim vazifani bajarmadimi?
—Ustoz, talaba bo‘lishga joy qolmadi. Siz ham dars o‘tib ovora bo‘lmang, qiynalmang deymiz...
— Kelishdik, shovqin qilmay o‘tiringlar. Komissiya kelarkan. Mana bu hujjatlarni to‘ldirib qo‘yay...
Anchagina semirib ketgan qiz uydagilardan unga ozishga yordam berishlarini so‘rabdi.
Ertasi kuni uyg‘onib muzlatgichni yoniga kelib qarasa, oq qog‘ozga quyidagi so‘zlar yozib qo‘yilgan ekan:
“Semiz qiz – oilamiz uchun sharmandalik!”
Bir kuni qizaloq ukasidan so‘rabdi:
— Asalni rus tilida nima deymiz?
Ukasi:
— Myod, - debdi.
Qizcha undan:
— Novvotni nima deymiz unda? – deb so‘rabdi.
— Qattiq myod, -deb javob bergan ekan.