Shogird ustozidan so‘radi:
— Ustoz, nega men 2 yildan beri o‘qishga kira olmayapman? Buning sinoati nedir?
Ustoz chuqur o‘yga toldi va vazminlik bilan javob so‘radi:
— Sen quyoshning tog‘lar ortidan sekin-astalik bilan chiqishini, maysalar ustidagi qirovni qitiqlab eritib, tiniq shabnam tomchilariga aylantirishini kuzatasanmi?
— Albatta, ustoz.
— Tog‘dan sharqirab, olamga shovqin solib tushayotgan sharsharaning, daryoda sokin mavjlanayotgan suvning so‘zlariga quloq solasanmi?
— Shubhasiz, ustoz.
— Kumush qadahga to‘ldirib quyilgan mayning yuzida o‘z aksingni ko‘rganda chuqur o‘yga tolasanmi? Hayotning ma’nosi haqida fikr yuritasanmi?
— Juda ham ko‘p marta, ustoz.
— Oydek suluv go‘zalning ko‘ksiga boshingni qo‘yib, uning har bir yurak urishida namoyon bo‘lgan muhabbatni vujudingda xis qilasanmi?
— Deyarli har kuni, ustoz.
— Haa, ahmoq, kaltafahm! Vaqtingni bunaqa bekorchi narsalarga sarflamasdan ketingni bir joyga qo‘yib, qunt bilan o‘qiganingda allaqachon talaba bo‘lib yurgan bo‘larding! degan ekan.
Pandemiya davrida katta zarar qo‘ryapmiz.
Iltimos talabalarni o‘qishga chiqaringlar.
Hurmat bilan Hot Lunch, Big Bon va Rollton!
Restoranga kirgan ikki sevishganlar bir-biriga termulib:
— Seni yeb qo‘yaman. Juda shirinsan!
— Sizni ham... - deb o‘tirishsa, oldilarida turgan ofitsiant:
— Ichishga-chi? Biror narsa olib kelaymi? - dermish.
Bir kishi xotinidan "to‘yib" ketganidan do‘konga o‘g‘irlikka tushibdi. Qamoqda o‘tirsam, xotinimdan nariroq bo‘laman deb o‘ylabdi.
Lekin sud unga 3 yil uy qamog‘i hukmini o‘qibdi.
Manzilga yetib kelganda taksi haydovchisi yo‘lovchiga:
— Uzr, men hisoblagichni yoqishni unutibman, - debdi.
Yo‘lovchi:
— Bo‘lib turadi... Men esa hamyonimni uyda unutibman, - degan ekan.
Avtobusda:
— Xolajon, sumkangiz ochilib qolibdi.
— Voy bolajonim rahmat! Boshqa bir insofsiz bo‘lganda hamyonimdagi pullarni o‘g‘irlab olardi.
— 100 ming so‘m ham pul bo‘ptimi xolajon?!
— Allo, allo! Yordam bering. Men qo‘lni sindirib qo‘ydim.
— Men vrach emasman. Advokatman. Vrachga qo‘ng‘iroq qiling!
— Menga advokat kerak. Singan qo‘l meniki emas!
Yigit Bo‘zsuv qirg‘og‘ida o‘tirsa, suvdan bir qurbaqa chiqib qolibdi-yu, tilga kiribdi:
— Meni o‘psang, go‘zal malikaga aylanaman...
Buni ko‘rgan yigit qurbaqani olib cho‘ntagiga solayotganmish:
— Nima qilyapsan? Men go‘zal malikaman, - desa, yigit:
— Go‘zal malikalar tiqilib yotibdi. Gapiradigan qurbaqa hali birorta blogerda yo‘q. Sen menga shundayligincha kerakliroqsan! - degan ekan.
Taksi haydovchisi yo‘lovchini olib ketayotsa, yo‘lovchi:
— Hov anavi kelayotgan ko‘chani boshida to‘xtatib yuboring, - debdi.
Haydovchi bo‘lsa:
— Bugun ko‘zoynagim uyda qolib ketibdi. Tushadigan joyingizda yetib kelganimizda aytarsiz, darrov to‘xtataman mashinani, - dermish.
Oilada tinchlik bo‘lishi uchun er-xotin kamchiliklarga ko‘z yumushi kerak deyishadi.
Savol: Qachon ko‘zlarni ochsa bo‘ladi?