Erkaklar haqida latifalar

Bir odam daryoda cho‘ka boshlabdi. Bor ovozi bilan “Yordam bering! Pomogite! Help me!” deb baqirayotgan ekan, o‘tib ketayotgan bir kishi unga qarab:
— Shuncha tilni o‘rganguncha suzishni o‘rgansang bo‘lmasmidi?! – dermish.
Bir kishi o‘rmondan o‘tib ketayotib, daraxtlar ko‘pligidan rosa charchabti. Oxirgi to‘nkaga o‘tirib ichida “Qachon tugarkan bu daraxtlar?!” deb o‘ylanib qolibdi.
Tankchilar shiori:
— Zirhlarimiz mustahkam, tanklarimiz tezyurar!
Uchuvchilar shiori:
— Baland va yanada baland ko‘tarilamiz!
Aloqachilar shiori:
— Qancha qattiq baqirsang, shuncha uzoq masofada eshitiladi!
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarining shiori:
— O‘zimiz ham uchmaymiz, birovga ham bermaymiz!
Vaqt allamahal bo‘lganda darvozadan kirib kelgan o‘g‘lini oldidan otasi chiqib jahl bilan debdi:
— Qayerlarda yuribsan? Soat nechi bo‘ldi?! Yuravermaysanmi ertalabgacha sang‘ib!!!
Bu gapni eshitgan o‘g‘li shu zahoti cho‘ntagidan telefonini olib, kimgadir qo‘ng‘iroq qilib:
— Allo, o‘rtoq ketib qolmadingmi? Ruxsat oldim. Hozir chiqaman, - debdi.
Bir kuni afandi militsiyaga qo‘ng‘iroq qilib:
— 715 raqamli oq rangli Neksiyani topib beringlar, - debdi.
Militsiya:
— Mashinangizni o‘g‘rilar ketishdimi? - desa, afandi:
— Yo‘q. Shu mashinani orqasiga eshagimni bog‘lab qo‘ygan edim. Mashinani haydab ketib qolishibdi, - dermish.
Ishga yana kech qolib kelgan xodimning oldidan rahbar chiqib so‘rabdi:
— Xo‘sh, bu safar nimani bahona qilasiz?
— Aytsam ishonmaysiz! Bekatda avtobus kutib...
— Balki bu safar men eshitmagan biror gapni aytarsiz?!
— Bugun ko‘rinishingiz juda ajoyib o‘rtoq boshliq...
Bir kuni Afandi choyxonaga eshagi bilan borib, eshagini tashqariga bog‘lab qo‘yibdi.
Biroz vaqt o‘tgach, chiqib qarasa eshagi yo‘qmish...
— O‘g‘ri, o‘g‘ri! Eshagimni o‘g‘irlab ketishdi! – deb baqira boshlabdi.
Odamlar yig‘ilibdi. Afandi yana debdi:
— Eshagim yo‘q! Shu yerga bog‘lab ketgan edim. Agar bordi-yu eshagim topilmas ekan, otam qilgan ishni qilaman hozir! – debdi.
Odamlar hayron qolib “Otangiz nima qilganlar?” deb so‘rayverishibdi.
Shunda afandi:
— Otamni ham eshagi yo‘qolib qolganda, uyga piyoda ketganlar, - degan ekan.
Qiz va yigit uchrashuvda:
— Sizni yaxshi odatlaringiz nimada? – so‘rabdi yigit.
— Men umuman ovqat tanlamayman, - debdi qiz.
— Xafa bo‘lmasangiz, yomon odatlaringizni ham bilsam... – debdi yana yigit.
— Ovqat qilishni umuman bilmayman, - degan ekan qiz.
— Dada, tog‘dagi kiyiklar necha yil yashaydi?⠀
— Bu tog‘dagi yirtqichning qorni och-to‘qligiga bog‘liq.
Ey do‘stim qara, qizlar kelyapti.
Voy, O‘g‘iloy-oy-oy,
Muattar-ar-ar-ar,
Shoxsanam, e-e-e bo‘lmas ekan...
E, bo‘lmasakan!