Hayvonot haqida latifalar

Bir kuni ovchi kichikroq teshikni poylab o‘q uzibdi. Tulki ovlabdi.
Ikkinchi kuni kattaroq teshikka otibdi. Ayiq otib o‘ldiribdi.
Uchinchi kuni juda katta teshikni poylab yotsa, poyezd bosib ketibdi.
Bir toshbaqa barga kirib, bir stakan suv olib ketar ekan.
Bir kun, ikkinchi kun, uchinchi kun...
Oxiri barda oʻtirgan boʻri soʻrabdi:
— Hoy toshbaqa, nega uch kundan beri suv tashiysan? – desa, toshbaqa unga:
— Uch kun boʻldi, uyimda yongʻinni oʻchira olmayapman, - degan ekan.
Tog‘da yashaydigan bir odam zebra sotib olibdi va qo‘shnilariga maqtanish uchun zebrani minib qishloqni aylanib yursa, bitta qo‘shnisi:
— Men ham minib ko‘rsam maylimi? - deb so‘ragan ekan,
— Mayli, - deb, unga zebrani beribdi. Qo‘shnisi zebrada bir aylanib kelib:
— Inomarka baribir boshqacha-da... - dermish.
Bir yigit shartnoma bilan 10 yil Afrikaning chekka bir hududida ishlab kelibdi. Aeroportda uni do‘stlari kutib olishibdi. Yelkasida bitta maymuncha bilan do‘stlarini oldiga kelibdi. Bir do‘sti undan so‘rabdi:
— Ho‘sh do‘stim, u yerlar qanday ekan?
— Nimasini aytasan, juda issiq, suv yo‘q, ishlash qiyin...
— Kelin masalasi-chi? Uylandingmi?
— Oziq-ovqat ham taqchil ekan.
— Uylanish masalasi qanday ekan deyapmiz?
— Do‘kon ham yo‘q, biron nima olmoqchi bo‘lsang, 2 soat mashinada borish kerak.
— Ey, sendan ayollar haqida so‘radik, - deyishsa, yelkasida o‘tirgan maymuncha:
— Dada, sizdan onamni so‘rashyapti! – dermish.
“Baliq boshidan sasiydi!” degan gapni eshitgan baliqlar kuniga 2 marttadan boshini yuva boshlabdi.
O‘rmonda ochlik boshlanib, arslon yegulik topa olmay qolibdi.
Shunda arslon hamma hayvonlarni bir joyga yig‘ib shunday debdi:
— Eng qo‘rqoq, eng kichkina hayvondan yeyishni boshlayman! O‘zing bilib o‘rtaga chiqaver!
Bir payt quyon o‘rtaga sakrab chiqib:
— Nega arslon akamni kutishga majbur qilasanlar?! O‘zlaring bilib, tezroq chiqmaysanlarmi?! – dermish.
Eri ishidan ertaroq qaytib kelib, xotiniga debdi:
— Xotin, bolalarni kiyintir. Bugun hayvonot bog‘iga boramiz!
Xotini ajablanib:
— Nega? Dab-durustdan boramiz deyapsiz? – desa, eri jahli chiqib:
— O‘zing nyecha kundan beri qarindoshlarimni sog‘indim, ko‘rgani borib-kelaylik deb holi-jonimga qo‘ymayapsan-ku! – debdi.
Kichkina bola onasiga savol beryapti:
— Nima uchun mushugimiz unitazdan suv ichadi?
Onasi:
— Unitazda suv toza, shuning uchun ichadi.
Bola o‘ylanib turib:
— Siz buni qayoqdan bilasiz?
Bir bolakay buvisiga konfet beribdi. Buvisi konfetni shimib o‘tirsa, bolakay:
— Buvi konfet mazalimi, - debdi.
Buvisi:
— Ha, bolam mazali ekan.
Bolakay:
— Unda nimaga olapar shimmay tashladi.
Bir odam qo‘shnisiga debdi:
— Ha qo‘shni, xo‘rozingizni sotgani olib ketyapsizmi?
Qo‘shnisi unga qarab:
— E, yo‘q! Shunchaki, tovuqlarim xo‘rozsiz bozorga bormaymiz deyishyapti, - deb javob qaytaribdi.