Uddaburonlar haqida latifalar

Afandi savat ko‘tarib bir boqqa o‘g‘irliqqa kirdi, har xil uzumlar bilan savatni to‘latib turganda, bog‘bon kelib yoqasidan bo‘g‘di:
— Nega boqqa kirding?!
Afandi undan balandroq keldi:
— Bo‘lmasa nega xotiningga kavush olib bermading?
— Iye, ali desa, bali deydi-ya, bu odam. Xotinimning kavushi bilan sening nima ishing bor?
— Qiziq odam ekansan, gapni kavlasang, gap chiqadi, o‘g‘irliqqa kirdim deymi bo‘lmasa!..
Kinoteatrdagi tomoshabin oldida o‘tirgan kishiga dedi:
— Marhamat qilib shlyapangizni olib qo‘ysangiz! Biror narsa ko‘rarmikinman deb, chiptaga uch ming to‘laganman!
— Men ham boshqalar ko‘rib qo‘ysin deb, bu shlyapaga yigirma ming to‘laganman!
Afandi ko‘chada bir odamni bekordan-bekorga ahmoq dedi. U odam Afandining boshiga musht o‘qtalib keldi.
— Kim ahmoq!
— Shu kelishing rost bo‘lsa, men ahmoqman,— javob berdi Afandi.
Bir kun, bir yigit sevgan qizi bilan ko‘chada ketayotsa, Mersedesda bir yigit kelib, signal chaldi, shunda qiz yonidagi yigitga:
— Bor-e — deb Mersedesga o‘tirib olibdi,
Shunda Mersedesdagi yigit:
— Uzr, myen sizni emas, xo‘jayinni chaqirgandim dermish...
Afandidan odamlar so‘radilar:
— Siz kattami, akangiz kattami?
— Bultur akam mendan bir yosh katta edi, bu yil yoshimiz baravar bo‘lsa kerak, — dedi Afandi.
Afandini saroyga chaqirishibdi. Afandi saroyga kirib qarasa, hammaning qo‘lida tuxum bor ekan.
Podsho so‘rabdi:
— Afandi sani tuxuming qani?
Shunda Afandi aytgan ekan:
— Shuncha tovuqni ichida bitta xo‘roz ham bo‘lish kerak-ku!!!
Yangi o‘zbekning bolasi institutga kirish uchun tarixdan ijodiy imtihon topshirmoqda.
Imtihon oluvchi:
— Xo‘sh, aytingchi, rus-yapon urushi qaysi mamlakatlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan?
— Variantlar bormi, domla?
Peshtokida «Ko‘ngil siringizni gul vositasida izhor eting!» shiori osilgan gullar do‘koniga bir yigit kiribdi.
— Menga bir dona atirgul bering, - debdi u sotuvchiga.
— Atigi bittami?
— Ha... Men juda kamgapman!
Dala shiyponida gurunglashib o‘tirgan rais Afandidan so‘radi:
— Nasriddin, qani, menga ayting-chi, yolg‘iz o‘zingizga bir shisha aroq bersak, kayfingiz oshadimi?
— Yo‘q, oshmaydi, - deb javob berdi Afandi.
— Ikki shisha aroq ichganingizdan keyin ham dalaga chiqaverasizmi?
— Ha, albatta.
— Uch shisha aroqdan keyin-chi?
— Uchinchi shishadan so‘ng borib ishlay olmayman-u, ammo sizga o‘xshab rahbarlik qila olaman, - dedi Afandi.
Afandidan so‘radilar:
— Osmonda qancha yulduz borligini balki siz bilarsiz?
— Ochig‘ini aytsam, men ham shuni bilishni istayman. Anchadan beri sanamoqchi bo‘lib yuribmanu, lekin imkoni bo‘lmayapti.
— Nega imkoni bo‘lmaydi?
— Yulduzlarni yerdan turib sanab bo‘lmaydi, osmonga chiqish kerak. Lekin bunga kunduzi vaqtim yo‘q. Kechasi bo‘lsa, osmonga chiqib qorong‘ida adashib ketishdan qo‘rqaman.