Ikkita turist o‘rmonda aylanib yursa, oldidan bahaybat ayiq chiqib quvlab ketibdi. Qo‘rqqanidan qochib ketayotgan turistlar, o‘rmonda ziyofat qilib o‘tirgan o‘zbek yigitlarini dasturxonini vayron qilib o‘tib ketishibdi. Shunda o‘zbeklardan biri turistlarni quvlab ketibdi. Ularga yetib olib, bir mushtdan tushirib qaytib kelsa, boshqa o‘zbek so‘rabdi:
— Qani ular?
— Urib keldim. O‘zi nimadan qochishdi?
— Nimadan qochishganini bilmadim-u, lekin anavi jigarrang, katta sherigi ham bor ekan. Kaltakka chidar ekan, zo‘rg‘a yiqitdim, - dermish.
“Buzoqni yugurgani somonxonagacha” degan maqolni eshitgan buzoq endi o‘tloqqa qarab yuguradigan bo‘libdi.
Bir qiz xafa bo‘lib o‘tirsa, dugona undan so‘rabdi:
— Nima bo‘ldi? Nega xomush o‘tiribsan?
— Sevgan yigitim menga “Biz boshqa uchrasha olmaymiz. Seni boshqa sevmayman!” deb yozilgan sms yubordi.
— Voy dugonajoy... Yomon bo‘pti-ku...
— Bunga emas, ikkinchi sms iga xafaman!
— Yana nima deb yozibdi?
— Ikkinchi smsda “Uzr, senga emas edi. Adashib yuboribman” desa bo‘ladimi!?
Hurmatli erkaklar! Agar siz daryoni yonginasida yashangiz ham, xotiningiz albatta Turkiya dengizlarida cho‘milgisi kelaveradi...
Notanish raqamdan qo‘ng‘iroq:
— Labbay, eshitaman.
— Allo, kim bu?
— Kim kerak sizga?
— O‘zi kim bu?
— Uzr, kimni chaqiray?
— Kim bu deb so‘rayapman...
— Qo‘ng‘iroq qilgan siz-ku! Kimni chaqiray?
— Esh-sh-sh-shak!
— Uzr, bu yerda qarindoshlaringiz yashamaydi. Adashib tushdingiz, xayr!
— Eshitishimcha, siz sirkda sherlarni o‘ynatar ekansiz. Bir narsaga hayronman. Siz kichkinagina, nimjon, ozg‘in bo‘lsangiz, nega sherlar sizni yeb qo‘ymaydi?
— Ha, hamma gap shunda-da! Ular meni semirishimni kutishyapti!
Juda ayyor o‘g‘ri birovni xonadoniga o‘g‘rilikka kirgan ekan, uy egasi kelib qolibdi. O‘g‘ri kiyim shkafiga kirib, berkinib olgancha yarim tungacha yotibdi. Yarim tunda uy egasi uxlab yotganida sekin shkaf eshigini ochib qarasa hech kim yo‘q. Qimmatbaho shubani olib sekin chiqib ketayotgan mahal uy egasi ko‘rib qolibdi.
— Hoy to‘xta! Kimsan? Qayoqdan chiqding? – debdi.
O‘g‘ri:
— Menmi? Kiyim yeydigan kuyaman. Shkafdan chiqdim, - debdi.
Uy egasi:
— Shubani qayoqqa olib ketyapsan? – desa, o‘g‘ri:
— Uyda yeyman, - deb javob bergan ekan.
Avtobus o‘rindig‘ida qo‘liga qadah bilan aroq shishasini ushlab o‘tirgan mast yo‘lovchini yoniga chiptachi ayol kelib debdi:
— Yo‘l haqi uchun qani?!
Mast odam birdan xursand bo‘lib:
— Ana! Topdim! Yo‘l haqi uchun, mana oldik! – deb qadahdagi aroqni ichib yuboribdi.
O‘rmonda ochlik boshlanib, arslon yegulik topa olmay qolibdi.
Shunda arslon hamma hayvonlarni bir joyga yig‘ib shunday debdi:
— Eng qo‘rqoq, eng kichkina hayvondan yeyishni boshlayman! O‘zing bilib o‘rtaga chiqaver!
Bir payt quyon o‘rtaga sakrab chiqib:
— Nega arslon akamni kutishga majbur qilasanlar?! O‘zlaring bilib, tezroq chiqmaysanlarmi?! – dermish.
“Baliq boshidan sasiydi!” degan gapni eshitgan baliqlar kuniga 2 marttadan boshini yuva boshlabdi.