Ofis xodimlari suhbatidan:
— Qara, yana bir hokim pora bilan ushlanibdi.
— Eski xabarlarni o‘qiyapsan!
— Eski emas, yangi...
— Buni yangiligi qolmadi!
Hech qachon taslim bo‘lma! Oxirigacha sharmanda bo‘l...!
Bir yigit har kuni ko‘chadagi lo‘liga pul berib turarkan.
Oradan vaqtlar o‘tib, yigit lo‘lini yonidan pul bermay o‘tib keta boshlabdi.
Bir kuni lo‘li yigitni to‘xtatib:
— Nima uchun menga pul bermay qo‘yding? – dyesa, yigit:
— Uylandim. Oila tashvishi tushdi boshimga. Shunga... - debdi.
Lo‘li g‘azabga to‘lib:
— Nima, sen oilangni meni hisobimdan boqasanmi? – degan ekan.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘quvchilariga:
— Qo‘limda ikkita olma bor edi. Bittasini yeb qo‘ydim. Nechta qoldi? - desa, orqada o‘tirgan bir bola sinfdoshiga qarab:
— Kap-katta odam shuncha bola turganda, olmani o‘zi yeb qo‘yib, endi uyalmasdan bizdan so‘rashini qara! - dermish.
Bir chol tilla baliq ushlab olgan ekan. Har doimgidek, baliq tilga kirib cholga debdi:
— Meni qo‘yib yubor! Istagan tilagingni bajo keltiraman...!
Chol ko‘pam o‘ylab o‘tirmay:
— Go‘zal ayol ber menga! – debdi.
Suvdan go‘zal pari chiqibdi.
— Bundan ham go‘zalroq bo‘lsin, - debdi yana chol.
Avvalgisidan ikki karra go‘zal husnli pari chiqibdi.
Chol yana:
— Go‘zallikda tengsiz bo‘lsin! – degan ekan, baliqni jahli chiqib:
— Noshud banda, yaxshilikni bilmading, - deb suvga kirib ketibdi.
Chol ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, suvdan o‘zini kampiri chiqib turganmish.
Birinchi sinfda:
— Toshmatov, ikki karra ikki nechi bo‘ladi?
— To‘-o‘-o‘rt!
— Nega yig‘layapsan?
— Besh bo‘lishini xohlayman.
Beshinchi sinfda:
— Toshmatov, ikki karra ikki nechi bo‘ladi?
— To‘rt!
Kollejda:
— Toshmatov, haligacha bilmaysanmi!? Ikki karra ikki nechi bo‘ladi?
— O‘zingiz aytavering ustoz, qancha bo‘ladi...?
Kechadan beri telefonimga SMS keladi. Nima emish, “Zamonaviy va ozoda jamoat xojatxonalarini tashkil eting va soliq imtiyozlariga ega bo‘ling!” Zamonaviy qilib-ku qurib qo‘yishar, ammo ozodaligini qanday saqlashadi? Bechora tadbirkorlarimiz...
Echki katta o‘rmonga nozir qilib tayinlanibdi. U tipratikanni “Tikanlaring jamoat joyida xavfli”, deb qamab qo‘yibdi. Qamoqxona kamerasiga kirsa, laylak o‘tirganmish.
Tipratikan unga hasrat qilibdi:
— Qara, tikanim uchun qamashdi. Bu tabiatdan shunaqa bo‘lsam, men nima qilishim kerak?
Laylak:
— E, bu hech narsa emas! Meni har yili qishda qaysi daromad hisobiga janubga dam olgani uchib ketasan deb qamashadi... - dermish.
Yosh qiz telefoniga qarab o‘tirsa, buvisi yoniga kelib:
— Shu telefoningni doim qo‘ldan qo‘ymaysan. Nimalar qilasan? – debdi.
Qiz javob beribdi:
— Qarang buvijon, mana bu onlayn do‘kon. Bu gruppalardan ko‘ylaklarni buyurtma qilsa bo‘ladi. Uygacha olib kelib berishadi. Men mana bularni buyurtma qildim...
Buvisi:
— Bolam, shuncha tungi ko‘ylaklarni nima qilasan? – desa, qiz:
— Buvijon, bu tungi ko‘ylaklar emas! O‘qishga kiyib boradigan ko‘ylaklar-ku axir!!! – dermish.
— Yaxshi qiz, yoshingiz nechida?
— 23ni urib qo‘ygandim...
— Ancha bo‘ldimi urganingizga?
— 7 yilcha bo‘lib qoldi...