Avtobusda ketayotgan bir yigit telefoniga qarab: – "Okey GUGL", men qayerdaman? – desa,
Bir qari kampir yigitga o‘girilib:
— Iloyo qurib ketsin shu giyohvandlik!!! Qayerda bo‘larding, avtobusdasan! Sho‘rlik Gulini esa bekatda qoldirgansan...! – dermish.
Yangi oila qurgan yosh er-xotin farzand ko‘ravermagach, keksa bir donishmandning yoniga borishibdi. Donishmand ularga baland tepalikdagi niyat daraxt uchiga, bir parcha latta bog‘lab qo‘yishni uqtiribdi.
Bir necha yildan so‘ng, boyagi donishmand er-xotindan xabar olgani kelsa, eshikni bir gala bolakaylar ochishibdi.
— Onangiz qayerda? – so‘rabdi donishmand.
— Tug‘ruqxonada, – javob berishibdi bolalar.
— Otangiz-chi?
— Tepalikdagi daraxtdan lattani yechgani ketgandilar...! – dermish.
Salim maktabdan uyga kiyimlari yirtilgan, hamma yog‘i iflos ahvolda kirib kelibdi. Uni ko‘rgan otasi so‘radi:
— Senga nima bo‘ldi?
— Azim bilan urishdim.
— Bundan chiqdi, endi senga yangi kiyim sotib olish kerak ekan-da?
— Bu qiyin emas, dada. Ammo Azimning dadasi yangi bola sotib olishiga to‘g‘ri keladi...
Bekatdan qo‘zg‘algan avtobus ortidan bir ayol yugura boshlabdi:
— Avtobusni to‘xtating! Ishga kech qolyapman...
Avtobusga yetib olgan ayol:
— Marhamat qilib, chiptalaringizni ko‘rsating!!!
Bir yigit do‘stidan so‘rabdi:
— Ishsizmisan? Nega nuqul dam olib yuribsan?
— Nega? Ishlayapman. Ish men uchun bayram. Bayramda esa insonlar dam olishadi.
Buvisi nabirasidan so‘rabdi:
— Namuncha ko‘p suv ichyapsan?
— Olma yegandim.
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Uni yuvmasdan yegandim...
— Familiyangiz nima?
— So-so-sodiqov.
— Nima, duduqmisiz?
— Yo‘q, adam duduq bo‘lganlar. Guvohnoma yozgan ayol esa g‘irt tentak...
Bolakay buvasiga:
— Urush paytida non kam bo‘lgan-a, - desa,
— Ha bolam, non topa olmay, kolbasaga saryog‘ surtib yerdik, - debdi.
— Ha o‘rtoq, kayfiyating yo‘q?
— Ey, xotinim yana janjal qilyapti.
— Nega?
— To‘rt yuz ming oylik yosh oilaga yetmaydi deydi.
— Tejab ishlatsa yetadi.
— Men ham shuni aytaman-da. U bo‘lsa “Yetmaydi, siz ham ishlang” deyaveradi.
Bir tadbirkor o‘zi ochgan xususiy firma eshigi yonida mijoz kutib o‘tirsa, uzoqdan u tomonga kelayotgan yigitni ko‘rib qolibdi. Tadbirkor uni mijoz deb o‘ylabdi-da, yugurib borib telefon go‘shagini olib:
— Yo‘q, yo‘q! Bugun aslo iloji yo‘q! Ishlarimiz juda-yam ko‘p. Ertaga ham, indinga ham bandmiz. Keyingi hafta xabar oling! Navbatga yozib qo‘yaman, - deb gapira ketibdi.
Boyagi yigit esa tadbirkorga qarab turib:
— Telefon ustasi chaqirganmidingiz? Tarmoq ishlamayotgan ekan, tuzatishga kelgandim, - debdi.