Bolalar haqida latifalar

— Og‘riq qoldiradigan biror doringiz bormi?
— Qayering og‘riyapti bolakay?
— Hozircha hech qayerim. Lekin adam hozir ota-onalar majlisiga ketdi.
Ona ko‘chada yurishni yaxshi ko‘radigan o‘g‘liga debdi:
— Qayerga ketayotganingni aytib ket! Qayerdan qidirishni bilaylik!!!
O‘g‘li:
— Oyi men 1 ta ipoteka va 3 ta kredit olganman. Yerni tagidan bo‘lsa ham topib olishadi, xavotirlanmang!
Qizi:
— Ada, men do‘stimni uyiga dars tayyorlagani ketyapman.
Otasi:
— O‘yda o‘tir! Hech qayerga bormaysan! Onang ham 15 yil oldin biznikiga dars tayyorlagani kelgan edi, haligacha ketkazolganim yo‘q!
Ona tili darsida. O‘qituvchi va o‘quvchi savol-javobidan:
— Ot necha turga bo‘linadi?
— Ikki turga, ustoz!
— Noto‘g‘ri Asqarov! Xo‘sh, ot qanday savollarga javob bo‘ladi?
— Necha yoshda va necha martta bolalagan degan savollarga, ustoz...!

Bir bolakay shimini kiyibdi-yu, tugmachasini taqish esidan chiqib qolibdi.
Adasi buni ko‘rib debdi:
— O‘g‘lim, do‘kon ochiq qolibdi-ku!
O‘g‘li bo‘lsa:
— Do‘kon ochiq bo‘lsa, muzqaymoq olib bering! – debdi.

— Xo‘sh, Husanov! Yer qanday shaklda?
— To‘rtburchak ustoz.
— Yaxshilab o‘ylab ko‘r! Yerni shakli qanday?
— Uchburchak ustoz.
— Chiq sinfdan! Sendek o‘quvchi hech kimga kerakmas!
— Bekor qildingiz! Ustoz, hali ko‘rishamiz! Yer dumaloq!
Mahbus xotinidan xat olibdi. O‘qib chiqqach, kameradoshlari:
— Xotining nima deb yozibdi? - desa, mahbus:
— E, o‘g‘lim ikkinchi yil ham beshinchi sinfda qoladigan bo‘pti… Oilamizni sharmanda qilibdi yaramas! - dermish.
Buvisi nabirasi bilan ko‘chada ketayotsa, o‘qituvchisi kelayotganmish.
Buvisi:
— Berkin! O‘qituvching kelyapti! Bugun darsga bormading-ku! - desa, nabirasi:
— Siz berkining! Sizni o‘lib qoldilar deganman, - debdi.
Bola adasiga:
— Siz uyda kimsiz?
Adasi:
— Men bu uyda direktorman.
Kunlarning birida bola adasiga:
— Ada, siz xizmat safariga ketganingizda uyimizga yangi direktor keldi...
Bir bolakaydan so‘rashibdi:
— Isming nima?
— Y harfidan boshlanadi, toping-chi! - debdi bolakay.
— Yo‘ldoshmi? Yigitalimi? ...
— Yo‘q, topa olmadingiz! Yustam.
— Rustam ekan-ku?! Nega Y dan boshlanadi deysan?!
— Y hayfini ayta olmayman!