Doʻkon-bozor haqida latifalar

Zargarlik do‘koniga kirgan yigit soatlarga qarab tursa, sotuvchi qiz kelib debdi:
— Hurmatli mijoz, sizni omadingiz bor ekan. Bizda ayollar ziraklariga chegirmalar boshlandi. Sevgan qizingizga arzon narxlarda zirak sotib olishingiz mumkin.
Yigit xafa bo‘lib:
— Sevgan qizim yo‘q meni, - debdi.
Sotuvchi yana:
— Qanaqasiga?! Shunday kelishgan yigitni sevgan qizi bo‘lmasa?! Nega axir? – desa, yigit yana xafa bo‘lib:
— Xotinim ruxsat bermayapti, - dermish.
Er-xotin do‘kon aylanib yursa, xotini erini yoniga chaqirib:
— Manavi ko‘ylakni qarang, chiroyli ekan-a? – debdi:
Eri:
— Ha, chiroyli ekan. Nega ko‘ylakka telefon raqamini yopishtirib qo‘yishgan? – deb so‘rabdi.
Xotini:
— Bu telefon raqami emas, ko‘ylakni narxi... – dermish.
Hurmatli erkaklar! Xotiningiz bozorda qimmat ko‘ylak kiyib olib, “Shuni olib berasiz!” deb turib olishsa, buni yo‘li juda oddiy.
“Juda chiroyli ko‘ylak ekan-ku, seni semiz qilib ko‘rsatyapti” desangiz bas! Bir zumda bunday katta chiqimdan qutulasiz-qo‘yasiz...
Xotinini ustidan kulishni yoqtiradigan er do‘kon kassasi yoniga kelgach, qo‘lidagi 10 kg qo‘y yog‘i va go‘shtni ko‘rsatib xotiniga debdi:
— Bo‘ldi, bas qil! Iltimoslaringni bajardim. Mana yolvorib so‘ragan narsalaring! Shuncha olganim yetar axir...!
Bozorda bir chaqqon yigit: "kep qoling, op qoling, Xitoy banani, yangi keltirilgan" deb reklama qilayotganmish.
Bir opaxon kelib:
"Xitoyniki demang, virusdan qo‘rqib, hechkim olmaydi" desa, sotuvchi yigit: "yaxshi ketayapti, opa, kimdir qaynanasiga, kimdir boshqasiga deb olayapti" dermish...
Bugun korzinkada aravachaga bir talay oziq-ovqatlarni to‘ldirib olgan ikkita yigitga ko‘zim tushdi.
Biri ikkinchisiga:
— Shuncha grechka, un va shakarlarni nima qilamiz? - desa, ikkinchisi:
— Menimcha g‘irt ahmoqgarchilik bilan shug‘ullanyapmiz! - debdi.
Keyin yana birinchisi:
— Ko‘p gapirmasdan yog‘dan ol! Qara hamma olib ketyapti. Hozir qolmaydi...! - dermish.

Qimmatbaho mo‘ynali palto sotib olgan ayol sotuvchidan so‘rayapti:
— Bir narsa iltimos qilsam maylimi? Paltoni uyimga eltib berishganda, menikiga kirishdan oldin “adashib” qo‘shnimning eshigini taqillatishlarini xohlardim...

Erimni do‘konga yuborsam, do‘konlar bo‘m-bo‘sh emish. Hech narsa qolmabdi. Hatto, tualet qog‘ozi vazifasini vaqtincha gazetalar bajaradiganga o‘xshaydi.
Karantinda o‘tirish juda foydali ekan.
Bitta paketga 2078 ta, ikkinchi paketga esa 3020 ta grechka donasini solib bizni aldab yurishgan ekan insofsizlar! Bugun shuni aniqladim!

Do‘konga kirsam, rastalar bo‘m-bo‘sh! Hamma narsani olib ketishibdi. Un yo‘q, guruch yo‘q, grechka yo‘q, shakar yo‘q, ...
Janjal ko‘tardim. "Nega hech narsa yo‘q" deb baqirdim. 3 kishi meni haydab chiqarishdi. Nima emish?! Bu mebel do‘koni-kumish...!