Qora-yumor haqida latifalar

Agar siz yolg‘on gapirmasangiz-u, qizarib ketsangiz, demak gipertoniksiz.
Agar yolg‘on gapirsangiz ham qizarmasangiz, demak deputatsiz.
— Koronavirusni aniqlaydigan test juda-yam tez ishlar ekanmi?
— Ha, 1 soniyada bizni klinikamiz sizda koronavirus bor-yo‘qligini aniqlab beradi.
— Qanday qilib buncha tez?
— Avval o‘zimiz uni sizga yuqtirib, keyin "100% bor!" deb aytaveramiz bemalol.
Neftni narxi tushib borayotganiga qaramay, benzinni narxi tushib ketishidan saqlanib qolmoqdamiz.
Jurnalist shahar ko‘chalaridan birida fuqarolardan intervyu olmoqda:
— Davlatimiz rivoji to‘g‘risi nima deysiz?
— Juda oqilona siyosat olib borilmoqda. Fuqarolar shod-hurram. Hamma narsa yetarli. Narx-navo pasayib bormoqda. ...
— Siz qaysi tumanda istiqomat qilasiz?
— Men davlatingizga xorijdan mehmon bo‘lib kelganman.
O‘g‘lini maktabga joylashtirishga kelgan otaga maktab direktori:
— Bizga qanday moddiy yordam ko‘rsata olasiz? - debdi.
Ota:
— Bepul prokuratura tekshiruvini o‘tkazib bera olaman, - debdi.
YPH xodimi haydovchini to‘xtatib so‘ray boshlabdi:
— Haydovchilik guvohnomangiz bormi?
— Bor, marhamat.
— Mashinani texnik ko‘rik hujjati bormi?
— Albatta.
— Sug‘urta polisi?
— Bor.
— Aptechka?
— Bor.
— O‘t o‘chirgich?
— Bor.
— Mashinangizda radio priyomnik bormi?
— Bor. Nega?
— Musiqani sho‘xidan qo‘ying!
— Nega axir. Hamma narsangiz bor ekan. Hozir raqsga tushaman pul qistirarsiz hech bo‘lmasa...!
Uylari suv toshqinida harobaga aylangan aholini ko‘nglini ko‘tarish uchun hokimiyat vakillari guruh-guruh bo‘lib borib, ularni tez-tez tomosha qilib kelishardi.
Okeanda suzib kelgan shisha idishni ichidan xat topilibdi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi:
"Kimsasiz oroldaman. Bu yerda tirikchilik uchun hamma narsa bor. Bu yerda soliq qo‘mitasi yo‘q, prokuratura yo‘q, sud yo‘q , mahalla oqsoqoli-ku umuman yo‘q. MIB yo‘q, virus ham yo‘q. Endi shu yerni qidiringlar. Tezroq topib kelinglar!"
Bir hokim xalqni oldiga chiqib:
— Hurmatli hamshaharlar! Bundan bir yil oldin ham yaxshi yashaganmiz, hozir ham yaxshi yashayapmiz, bundan keyin ham yaxshi yashaymiz! – desa, xalq orasida:
— Bizlar-chi??? – degan savol bo‘pti.
Bir amaldor fuqarolar bilan uchrashuvda gap boshlabdi:
— Biz oldin yaxshi yashaganmiz, hozir ham yaxshi yashayapmiz, bundan keyin ham yaxshi yashaymiz, - desa, fuqarolar orasidan ovoz kelibdi:
— Biz-chi?