Uddaburonlar haqida latifalar

Talabalar kredit mavzusida dars o‘tishmoqda. Bitta talaba o‘qituvchisiga savol beribdi:
— Ayting-chi domla, nega banklardan kredit olayotganimizda bizdan garov talab qilishadi-yu, biz bankka pul qo‘yganimizda bizga garov uchun hech narsa berishmaydi?!
To‘ydan 3 kun o‘tib kuyov kelinga:
— Azizam sizga "SAN" deb muomala qilsam qarshimasmisiz?
Kelin:
— O‘zing bilasan!
Ishdan qaytgan ep xotiniga baqirdi:
— Yana ovqat tayyor emasmi? Men itday ochman! Bo‘ldi, restoranga ketdim!
— Xoy, besh daqiqa sabr qilib turing!
— Nima, besh daqiqada ovqatni tayyor qilishga ulgurarmiding?
— Yo‘q, kiyinishga ulguraman.
Bir odam byurokrat boshliqning huzuriga kirib:
— Ertaga keling degandingiz, mana keldim, - debdi.
— Hmm... Shunday deganmidim?
— Ha, shunday degansiz.
— Yaxshi! Unday bo‘lsa ertaga keling-da! Nega bugun keldingiz?
Afandi qarib qolgan chog‘ida mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazayotgan edi, podsho kelib qoldi.
— Hoy chol,— dedi podsho,— sen piri-foniy bo‘p qolibsan. Bu ekayotgan daraxtlaringning mevasini yeyman, deb o‘ylayapsanmi?
— O‘tganlarning ekib qoldirganlaridan biz foydalanyapmiz. Endi bizning ekkanlarimizdan kelgusidagilar foydalansinlar, deb ekayapman.
Bu gap podshoga yoqib ketib, «Za» devordi. Uning «Za» degani ofarin degani edi, podsho har gal «Za» deganida ming tanga in’om berilishi shart edi. Podshoning yonidagi xazinachi darhol Afandiga ming tanga sanab berdi. Afandi qulluq qilib:
— Mana ko‘rdingizmi podshohim, mevalarim hoziroq xosil berdi,— dedi.
Podsho yanayam xursand bo‘lib, «Za» dedi. Xazinachi yana ming tanga sanab berdi. Afandining ta’bi ochilib ketdi:
— Aslida mevali daraxtlar yilda bir marta hosil beradi. Lekin podshoximning poyi-kadamlari sharofatidan ikki marta hosil berdi.
Podshoga bu gap ham xush kelib, yana «Za» devordi. Xazinachi Afandiga yana ming tangani sanab berdi-da, sekin podshoning qulog‘iga shivirladi:
— E podshohi olam, agar bu yerdan tezroq ketmasak, bu chol xazinangizni butkul, qurutadi...
Ko‘p qavatli uylarning eng yuqori qavatida yashaydigan er-xotinlar urushib qolishibdi. Xotinini qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘lgan er, uyning derazasiga chiqibdi-da:
— Hozir shu yerdan o‘zimni tashlayman-da, chil-chil bo‘pkyetaman!
Shunda xotini:
— To‘xtang adasi, - deb ichkariga yugurib kirib ketsa, eri xursand bo‘lib turganakan:
— Mana shu ahlatlarni ham pastga ola keting, - debdi xotini.
Televizorda futbol ko‘rishga oshiqqan eriga xotin dedi:
— O‘yin natijasini radiodan eshitdim, istasangiz aytishim mumkin.
— Jim o‘tir! O‘zim ko‘rmoqchiman...
— Ko‘rsangiz ko‘ravering, menga nima, baribir gol urishmaydi.
— Derazani kim sindirdi?
— Erim...
— Ering og‘ir-bosiq odam edi-ku?
— Guldonni otgan edim, engashib oldida nomard!
Yoshligida bir kuni otasi Afandini pishirilgan kalla olib kelish uchun bozorga yubordi. Afandi kallani olib kelayotib uning go‘shtlarini yeb qo‘ydi.
— O‘g‘lim, olgan kallangda sira go‘sht yo‘q-ku? — so‘radi otasi.
— Ko‘rmayapsizmi, dada, qo‘yning o‘zi juda oriq ekan?
— Xayr, mayli, oriq ham bo‘lsin, lekin qulog‘i qani?
— Garang qo‘y bo‘lsa kerak, o‘zi qulog‘i yo‘q edi.
— Qiziq, kallada ko‘zi ham yo‘q-ku, axir?
— Bechora qo‘yning ko‘zi ko‘r ekan. Shuning uchun ham qassobning pichog‘idan qochib qutulolmagan-da.
Otasi achchig‘lanib jag‘ni ochib ko‘rgan edi, tili ham yo‘q ekan.
— Tili qayerda qoldi buni? — baqirdi otasi.
— Ehtimol, shuncha aybi ustiga qo‘y soqov hamdir.
— Suyakdagi teri, go‘shtlari qani bo‘lmasa?
— Ko‘rib turibsiz-ku, o‘zi ship-shiydam kal ekan.
Har bir savolga Afandi puxta tayyorlanib kelganini ko‘rgan otasi boshqa hech narsa so‘ramadi. Afandi otasini yupatib:
— Qarang, dada, tishlarining hammasi butun, birortasi ham nobud bo‘lmagan! — dedi.
Ayollar turmushga chiqganlaridan so‘ng o‘ta sezgir bo‘lib qolar ekanlar. Erining plastik kartochkasiga pul tushganini eshitisharmish...