Qishda yaxmalak zinalardan tushaverishda oliyjanob, madaniyatli erkaklarni deyarli topib bo‘lmaydi.
Mast kishi jon-jahdi bilan simyog‘ochni taqillatardi.
— Xotin, kimga aytyapman, och eshikni!
Yaqindan o‘tib ketayotgan posbon yoniga kelib:
— O‘rtoq, nima gap?! Qani, «puf» deng-chi?!
Mast jon-jahdi bilan puflagandi, posbon o‘zi chayqala boshladi va simyog‘ochni taqillatib baqirdi:
— Qanaka xotinsiz, o‘zi? Oching eshikni!
Bir qiz sevib qolib, shirin hayollar og‘ushida osmonga qarab ketayotsa, katta xarsang toshga urilib, yiqilib tushibdi. Ancha vaqt o‘tsa ham o‘rnidan turmasmish.
Buni kuzatib turgan bola yoniga kelsa, qiz osmonga qarab, bemalol yotganmish.
Shunda bola:
— Ey singlim, qattiq yiqilmadingizmi? Keling qo‘lingizni bering, - desa, qiz:
— E bor-ye, shirin hayolimni ham beliga tepding, - dermish.
Jinnixonada bemorlar televizordan yangiliklarni ko‘rib o‘tirishsa, bir bemor:
— Yaxshi-yam jinnixonada yotgan ekanman..., - desa, ikkita vrach unga qarab:
— Sog‘aya boshlaganga o‘xshaydi, - dermish.
Ikkita mardikor boyni uyini kraska qilishayotsa, boyni qo‘shnisi chiqib:
— Kraskani menga sotinglar - debdi. Mardikorlar boyni otini labiga kraskadan surtishibdi-da, kraskani sotib yuborishibdi. Boy kelsa ish to‘xtagan. Mardikorlar dam olib o‘tirishibdi. Boy hayron bo‘lib:
— Nimaga ishlamasdan o‘tiribsizlar? - deb so‘rasa, mardikorlar otni ko‘rsatib:
— Kraskani otingiz ichib qo‘ydi - deyishibdi. Boy otiga qarasa, labi kraska. Shartta cho‘ntagidan to‘pponchasini chiqarib, otini otmoqchi bo‘libdi.
Mardikorlar boyni to‘xtatib:
— To‘xtang, axir ot kraskadan qimmat-ku! - deyishsa, boy:
— Senlar aralashma! O‘tgan yili bu la’nati ikki tonna sementni ham yeb qo‘ygan edi, - dermish.
Bir ayol derazadan qarab turib, ro‘paradagi uyda kir osib chiqayotgan qo‘shnisini ko‘rsatib:
— Adasi, qarang! Anavi ayol kirlarni chala yuvar ekan, - debdi.
Eri indamabdi. Ertasiga, indinga yana shu holat takrorlanaveribdi. Uchinchi kuni xotini derazadan qarab:
— Hayriyat-yey, anavi ayol bugun kirlarni tozza yuvibdi, - desa, eri:
— Yo‘q, men ertalab derazalarimizni artib qo‘ydim, - dermish.
— Zavodga ishga kirgan edim. Birinchi ish kunimdayoq jarohat oldim.
— Qanday qilib?
— Alisher, bolg‘ani tashlab yubor! - deb tepadagilarga baqirgandim... Keyin bilsam zavodda 20 ta Alisher ishlar ekan.
Bir bemor shifokorga kelib:
— Yordam bering. Meni qulog‘im og‘riyapti. Narigi xonadagi vrachlar qulog‘ingizni kesamiz deyishyapti...
Shifokor:
— Tavba, nega unday deyishadi. Qo‘rqitib yuborishibdi-ku sizni!!! Men sizga bir dori beraman. Uch kun ichasiz.
Bemor:
— Keyin kesishmaydimi qulog‘imni?
Shifokor:
— Yo‘q. Quloqlaringiz o‘zi uzilib tushadi...
Bir kuni Mersedes avtomobili buzilib qolgan Zaporoj mashinasini tortib ketmoqchi bo‘libdi. Zaporoj haydovchisi qari chol:
— Yigitlar, faqat Mersedesni tez haydamanglar. Agar tezlashib ketsangiz, faralarni yoqib-o‘chirib ishora qilaman, - debdi.
Yo‘lda Mersedes baribir tezlashib ketibdi. Orqasida kelayotgan Zaporoj ishora qilsa ham e’tibor berishmabdi.
Birinchi postda to‘xtamasdan "uchib" o‘tib ketishibdi. Postdagilar darhol keyingi postga qo‘ng‘iroq qilib:
— Hozirgina Mersedes mashinasi katta tezlikda o‘tib ketdi. Orqasidan kelayotgan Zaporoj haydovchisi faralarni yoqib-o‘chirib, "o‘tib ketay" degan ishorani bersa ham, tushunishmayapti, - dermish.
Restoranda ikkita o‘zbek ofitsiantga buyurtma berishyapti:
— Bizga choy-poy, non-pon, ovqat-povqat olib keling.
Nariroqda o‘tirgan rus ayol ularni gapini eshitib:
— Nimaga sizlar har bir so‘zga qo‘shimcha qo‘shib gapirasizlar? Choy, non, ovqat desangiz bo‘lmaydimi? Agar gaplaringizga qo‘shimcha qo‘shmasdan gapirsangiz, bir tarelka tilla beraman, - debdi.
Shunda o‘zbeklardan biri:
— Tarelka-parelkasi bilan berasizmi? - dermish.