Boyib ketish niyatida tadbirkor bo‘lishni reja qildim. Biznes reja ham ishlab chiqdim. Keyin bilsam, soliq kodeksida men uchun rejalar allaqachon yozib qo‘yilgan ekan.
Bemor va vrach:
— Kuniga uch mahal ichsangiz tuzalib ketasiz. Tushunarlimi?
— Dorini nomini aytmadingizku doktor!?
— Dorini nima aloqasi bor?
Eng yaxshi kun – Ertaga!
Ertaga chekishni tashlayman! Ertaga sport bilan shu-ullanishni boshlayman! Ertaga diyetaga “o‘tiraman”! Ertadan o‘qishni boshlayman! ...
Ayollarning muammosi – erkaklar. Lekin erkaklarni o‘zlari dunyoga keltiradi.
Demak, ayollar o‘zlarining muammolarini o‘zlari yaratar ekanlar.
Vaqt allamahal bo‘lganda darvozadan kirib kelgan o‘g‘lini oldidan otasi chiqib jahl bilan debdi:
— Qayerlarda yuribsan? Soat nechi bo‘ldi?! Yuravermaysanmi ertalabgacha sang‘ib!!!
Bu gapni eshitgan o‘g‘li shu zahoti cho‘ntagidan telefonini olib, kimgadir qo‘ng‘iroq qilib:
— Allo, o‘rtoq ketib qolmadingmi? Ruxsat oldim. Hozir chiqaman, - debdi.
Bir odam ishdan uyga qaytsa, uyida o‘g‘ri yurganmish. Bundoq qarasa o‘g‘ri juda bo‘ychan, yelkalari katta, baquvvat emish. Yerda yotgan tayoqni qo‘liga olib:
— Yaxshi-yam shunaqa katta ekansan. Bo‘lmasa qorong‘ida seni ko‘rmas edim. Ko‘zoynagim ishxonamda qolib ketibdi, - dermish.
Yangi Cobalt mashinasi svetorofda to‘xtasa, orqasidan eski Matiz kelib qarsillatib uribdi. Cobalt egasi tushib qarasa, Matizni oynalari tonirovka qilingan ekan. Borib oynalarni sindirguday qilib ura boshlabdi. Bir payt Matizni oynasi tushirilgan ekan, ichida yuzi shram, hamma yog‘iga tatuirovka chizilgan, yuzi “sovuq”, qo‘lida to‘pponchasi bor kishi o‘tirgan ekan.⠀
Cobalt egasi unga qarab:⠀
— Boyadan beri mashinangizni pulini to‘lash uchun sizni chaqiryapman. Qancha bo‘ladi? - dermish.
Hozir zamon shunaqa! Sodda emasligingni isbotlash uchun tizzalari yirtiq shimni butun shimdan qimmatroqqa sotib olishing kerak.
Yigit:
— Menga turmushga chiqasizmi?
Qiz:
— Men turmushga chiqadigan yigit kuchli va ishbilarmon ham bo‘lishi kerak.
Yigit:
— Axir men seni bezorilardan qutqardim-ku!
Qiz:
— Albatta! Lekin ishbilarmon emassiz-ku?!
Yigit:
— Agar bilsang, o‘sha bezorilarni yuborgan ham men bo‘laman.
Ikkita kayfi oshib qolgan ulfatlar yarim tunda uyga qaytayotib biri debdi:
— Garov o‘ynaysanmi? Hozir meni xotinim eshikni “Jonim” degan so‘z bilan ochadi.
Ikkinchisi:
— Nimalar deyapsan? Sen o‘lgudek mastsan! Yarim tunda uyga qaytyapsan? Qanaqasiga xotining “Jonim” desin!?
— Hozir ko‘rasan! – debdi-da, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosib debdi:
— Eshikni och jonim...
Xotini bo‘lsa:
— Jonim?! Hozir ta’ziringizni beraman! – deb eshikni ochgan ekan.