Bir nechta davlatdan quruvchilar yig‘ilib suhbat qurishibdi:
Quruvchilardan so‘rashibdi:
— Sizlarda bino qurishdan oldin nima qo‘yiladi.
Angliyalik quruvchilar:
— Albatta, fundament! – deb javob beribdi.
Germaniyalik quruvchilar debdi:
— Bizlarda birinchi navbatta intizom qo‘yiladi.
O‘zbek quruvchilariga navbat kelganda ular shunday debdi:
— Agar biz binoni Rossiyada qursak, dasturxonga aroq qo‘yiladi. Agar o‘zimizda qursak, binoni qurishimizdan oldin muddat qo‘yiladi.
Bolakay adasidan so‘rabdi:
— Ada, aql bilan ayyorlikning farqi nimada?
— Aql ko‘chadagi ishkalni tinch hal qilishga yordam beradi. Ayyorlik esa ishkaldan chiroyli chiqib ketishga yordam beradi. Eng yaxshisi – donishmandlik.
— U nima?
— Ko‘chadagi janjalga aralashmaslik degani o‘g‘lim.
Yandeks taksilari! Hamma joyni topa oladi. Faqat sizning ko‘changiz va qaytim uchun mayda pullardan tashqari...!
Bir davlat idorasi binosida suv quvuri teshilib qolibdi.
Darrov santexnikni chaqirtirishibdi. Yerto‘laga tushib tekshirib chiqqan santexnik idora rahbarlaridan biriga qarab:
— Tuzatib bo‘lmaydi! Bu yerda butun sistema chirib ketgan. Tag-tugi bilan almashtirish kerak! - desa, to‘satdan rahbarni rangi oqarib, o‘zini tashlab yuborgan ekan.
Ona bolasini koyib beribdi:
— Agar shunday to‘palonchi bo‘laversang, seni yaxshi bolaga almashtirib kelaman.
Bola bo‘lsa onasiga debdi:
— Aldamang! Qaysi ahmoq to‘palonchi bolani yaxshisiga almashtirishga rozi bo‘lar ekan?
Onasi uyqu oldidan qiziga ertak o‘qib bermoqda:
— Qadim zamonda bir hunarmandning uch o‘g‘li bo‘lgan ekan. To‘ng‘ich o‘g‘li juda dono, o‘rtancha o‘g‘li unchalik ham aqilli emas, kenja o‘g‘li esa umuman tentak bo‘lgan ekan.
Qizaloq:
— Oyijon, hunarmandning sog‘lig‘i borgan sari yomonlashib boravergan ekan-a?
Onasi:
— Nega unaqa deyapsan qizim?
Qizaloq:
— Ana, o‘zingiz o‘qidingiz-ku, farzandlari borgan sari yomonlashib boryapti ekan.
Sizning maoshingizga qancha?
Rahbaringiz ko‘zi bilan qaralsa: “Buncha-yam ko‘p maosh to‘layapman...”
Xotiningiz ko‘zi bilan qaralganda: “Shu-yam pulmi? Buncha kam...!”
O‘zingizni ko‘zingiz bilan qaraganda: “Men davlatga tekinga ishlab beryapman!”
— Og‘ayni, xotinim bilan urishib qoldik.
— Nima bo‘pti? Biz ham janjallashib turamiz.
— Sizlarda kim birinchi bo‘lib gapiradi? Xotiningmi yoki senmi?
— Albatta, xotinim.
— Qanday qilib?
— Uydagi modemni sekin o‘chirib qo‘yaman. Xotinim darrov “Internetni tuzatib bering” deb yalinib keladi.
Mashhur yozuvchi Chexov 44 yoshida vafot etgan.
Pushkin esa 37 yoshida halok bo‘ldi. Mayakovskiy 36 da,
Yesenin-chi, bor-yo‘g‘i 30 yoshga kirganida o‘z joniga qasd qilishadi.
Mana, mashhur insonlarning davlat pensiya jamg‘armasiga qo‘shgan hissalari...!
Qari buvijon mahallada biroz aylanib, uyiga qaytib kirib o‘g‘liga dermish:
— Hozirgi zamon yoshlari juda ajoyib-da! Ko‘chada 4 ta yosh yigit bitta sigaretni galma-galdan chekib o‘tirishibdi. Lekin hecham xafa emaslar. Tinmasdan kulishyapti-ya, baraka topgurlar.