Bolalar haqida latifalar

Oyisi o‘g‘lini urushyabdi.
— Menga qara, yap-yangi shim bilan, shunday balchiq, loy ko‘lmakka yiqildingmi?
— Oyijon, shunaqangi katta tezlik bilan yiqildim-ki, hatto shimimni ham yechib olishga ulgurmadim.
Adasi to‘rt yoshli qizini uxlatmoqchi bo‘lib, alla aytib beribdi. Qizini ko‘zlari yumulganini ko‘rgan otasi:
— Uxlayqol qizim. Hozir tushingda ajoyib ertaklar ko‘rayotgan bo‘lsang kerak, - debdi pichirlab.
Qizi esa shu zahoti ko‘zini ochib:
— Yo‘q adajon. Reklama tugamadi hali, - degan ekan.
Kunlarning birida ota-o‘g‘il toqqa, dam olishga chiqishibdi. O‘g‘li toshga qoqilib, yiqilib tushibdi-da, og‘riqdan:
— Ay!, - deb baqiribdi.
"Ay!" degan aks-sado kelibdi.
— Kimsan?, - so‘rabdi bola hayron bo‘lib.
"Kimsan" degan aks-sado eshitilibdi.
— Tentak, - deb baqiribdi.
Yana "Tentak" eshitilibdi.
Adasi o‘g‘liga qarab, — To‘xta, - debdi-da, — Sen zo‘rsan!, - deb baqiribdi.
"Sen zo‘rsan" degan sado kelibdi.
— Seni yaxshi ko‘raman, - desa,
"Seni yaxshi ko‘raman" degan ovoz kelibdi tog‘lardan.
— Ko‘rdingmi o‘g‘lim, men zo‘rman va meni yaxshi ko‘rishadi. Sen esa tentaksan, - degan ekan adasi.
Xotin eriga:
— Adasi, o‘g‘lingizga o‘zingiz tushuntiring. Uni sevimli kuchugi o‘lib qoldi...
Otasi:
— O‘g‘lim, bu yoqqa kel! Turnikda tortina olasanmi? Bir, ikki, uch, ..., o‘n. Nimaga to‘xtading?
— Tamom bo‘ldim ada...
— O‘g‘lim, sen yaxshi ko‘rgan kuchuging ham tamom bo‘ldi!!!
Afandini o‘g‘li maktabga boribdi. O‘qituvchisi unga savol beribdi:
— Birov senga olma bersa nima unga deysan?
— Olma yuvilganmi deyman, ustoz, - javob beribdi bola.
Bog‘chaga kelgan boladan tarbiyachisi bilimini sinab ko‘ryapti:
— Qani Akmal nimani bilasan?
— 1, 2, 3, 4, 5
— Ana ko‘rdilaringmi sanashni bilar ekan, qani davom etchi,
— 6, 7, 8, 9, 10, valet, dama, korol, tuz..
Bir qizcha yo‘l bo‘yida yig‘lab o‘tirgan ekan.
Bir kishi kelib:
— Nega yig‘layapsan, - deb so‘rabdi
Qizcha "1000 so‘m pulini yo‘qotib qo‘yganini", aytibdi.
Haligi kishi qizchaga 1000 so‘m beribdi.
Qizcha yana ham qattiqroq yig‘labdi.
— Yana nega yig‘layapsan, - deb so‘rasa
Qizcha:
— Yo‘qotmaganimda 2000 so‘m bo‘lardi, - dermish.
Nabira buvasiga:
— Bobo, 1990-yillar yaxshimidi yoki hozirmi? – debdi.
Buvasi:
— Eh bolam, o‘sha paytlar yaxshi edi-da albatta. Buving yosh va chiroyli edi, - dermish.
Kichkina bolakay:
— Oyijon qornim ochdi? Oyijon chanqadim! Oyijon o‘yinchog‘im qani? Oyijon uxlating! Oyijon ..., - deyaveribdi.
Televizor ko‘rib yotgan adasi esa:
— Yaxshi-yam oyijon emas ekanman, - dermish.
Bir kishi uyida uxlab yotsa, hadeb qulog‘iga “Ayfon, ayfon” degan tovush kelaveribdi. O‘rnidan turib, derazadan pastga qarasa, yosh bolalar o‘ynab yurganmish.
— Hoy tirranchalar, namuncha “Ayfon” deb baqirasanlar!? Uyquni-yam beliga tepdilaring! – desa, bolalar:
— Amaki, biz Ayubxon o‘rtog‘imizni chaqiryapmiz, - deyishgan ekan.