Ishxona haqida latifalar

Do‘konga sotuvchi bo‘lib ishga kirgan yosh yigit xaridorlarga xizmat ko‘rsatyapti:
— Sizda oqartiruvchi upa bormi? – debdi bir yosh juvon.
— Yo‘q. Lekin bizda ohak bor. Olasizmi? - debdi yigit.
Jahli chiqqan juvon do‘konni boshiga ko‘tarib shovqin sola boshlabdi.
Darrov yetib kelgan do‘kon mudiri nima gap ekanini so‘rabdi.
— Manavi surbet sotuvchingiz menga oqartiruvchi upa o‘rniga ohak tavsiya qildi, - debdi juvon.
Shunda yigit do‘kon mudiriga qarab:
— Axir o‘zingiz aytgandingiz, xaridor so‘ragan narsa bo‘lmasa, o‘rniga shunga o‘xshash boshqa narsa tavsiya qilgin! Xaridor bo‘sh qo‘l bilan chiqib ketmasin degandingiz-ku... – dermish.
— Styuardessa, nimaga samolyot silkinib uchyapti?
— Kim aytdi sizga uchyapmiz deb?! Samolyotimiz nosoz ekan. Samarqandgacha 300 kilometr, yerda yurib yetib olishga qaror qildik.
Gazeta sotuvchisi:
— Kelinglar, gazetadan olinglar! Gazetamizning yangi soni, 100 kishining aldanganligi...
Xaridor kelib:
— Menga bitta gazeta bering.
Sotuvchi yana:
— Kelaqolinglar, gazetadan olib qolinglar... Gazetamizning yangi soni, 101 kishining aldanganligi...
— Allo, ustaxonami?
— Ha, labbay?
— Telefonimni ta’mirlashga berib ketgan edim.
— Hali ta’mirlab bo‘lmagandik...
— Bo‘pqoldimi o‘zi?!
— Endi boshlaymiz.
Mayor askarlarga:
— Qazigan transheyangiz bir pulga qimmat! O‘pirilib tushganidan komandirning xabari bormi? – desa, askarlar:
— Hozircha yo‘q, o‘rtoq mayor. Avval uni qazib chiqaraylik, albatta aytamiz, - deyishibdi.
Dushanba kuni ertalab hamkasblarning ishxonadagi suhbati:
— Do‘stim, chin so‘zim, boshqa ichmayman, bo‘ldi!
— Nahotki. Nimadir bo‘ldimi?
— Juma kuni ishdan uyga qaytdim. Qarasam, rosa charchabman. Shkafda berkitib qo‘ygan bir shisha aroqni olib ichdim-da, uxlashga kirib ketdim.
Ertasi kuni ko‘chaga chiqsam, hamma gapiryapti. Nima emish?! Kecha kechasi bilan butun mahallani uxlatmay, ko‘chada baqir-chaqir qilganmishman. Bo‘lishi mumkinmas do‘stim. Uxlashga yotganim aniq esimda...
Bir samolyotga yangi styuardessa ishga kiribdi. Parvoz paytida ikki uchuvchi gaplashib qolishibdi:
— Bu yangi styuardessaning qomati qanaqa ekan?
— Unga qaraganda ming marta o‘zimning xotinimni qomati chiroyli, - debdi birinchi uchuvchi.
Shunda ikkinchi uchuvchi:
— To‘g‘ri aytasan! Unga qaraganda ming marta sening xotiningni qomati chiroyli, - dermish.
Harbiy xizmat o‘tash uchun chaqiruvga kelgan yigitlar tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda.
Vrach:
— Kimni navbati, kiring! Stulga o‘tiring! Bo‘ldi! Xizmatga yaroqli!
Stuldan turgan yigit hayron bo‘lib:
— Qanaqasiga? Sog‘ligimni tekshirib ham ko‘rmadingiz-ku?! – debdi.
Vrach:
— Gapimni eshitding – quloqlaring sog‘lom. Stulni ko‘rding – ko‘zlaring ham sog‘lom. Teskari o‘girib qo‘ygan stulimni o‘ngini qilib o‘tirishga aqling ham yetdi. Demak, soppa-sog‘san! – dermish.
Dala o‘quv mashg‘ulotlariga chiqqan komandir serjantga topshiriq beribdi:
— Men uyquga yotyapman. Uyqudan turganimda dasturxonda quyon go‘shtidan qaynoqqina sho‘rva bo‘lsin! Tushunarlimi?
— Huddi shunday, o‘rtoq polkovnik! - javob beribdi serjant.
Bir soat vaqt o‘tgach, polkovnik uyg‘onib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, stolga yozilgan dasturxon ustida qaynoqqina sho‘rvadan xushbo‘y bug‘ chiqmoqda. Tabiiyki, polkovnik hayron.
— Xo‘sh, bunchalik qisqa vaqt ichida quyon tutishga qanday muvaffaq bo‘lding? - so‘rabdi u serjantdan.
— Muammo bo‘lmadi, o‘rtoq polkovnik. Atrofga qarasam, allaqanday quyon yugurib yuribdi. Miltig‘imni ko‘tarib, o‘t ochdim. Bechora “miyov” deyishga ham ulgurmadi! – dermish serjant.
Ofis xodimining bir kunlik ish rejasi:
“Kompyuter blokka tushib qolmasligi uchun sichqonchani har-har zamon joyidan sekin qimirlatib qo‘yish”.