Kaltafahmlar haqida latifalar

Miya - qosh emas!!! Yo‘q bo‘lsa chizib qo‘ya olmaysan!
Sirk arenasida gimnastikachi yigitlarning chiqishi namoyish etilmoqda. Epchil va chaqqon sportchilarning chiqishlarini ko‘rib o‘tirgan tomoshabinlar qarsak chalib, olqishlab o‘tirishar ekan.
Shu payt tomoshabinlar orasida bir odam baqirib:
— Hezalaklar! Tor shim kiyib olib, yurishini qaranglar bularni!!! – debdi xandon otib kulib.
Tomoshabinlar bezovta bo‘lib, atrofga qarashibdi.
Gimnastikachilarni chiqishlari davom etibdi. Haligi odamning yana baqirgan tovushi kelibdi:
— Hezalaklar! Ayollarga o‘xshaydi hammasi!!!
Bir vaqt boshlovchi sirk arenasiga chiqib e’lon qilibdi:
— Endi esa navbat o‘ta xavfli sahna chiqishiga! Hozir sizlarni ko‘z o‘ngingizda sirk shiftidan boshi bilan pastga sakrash amalga oshiriladi.
— Voy dod!!! Qayoqqa sudrab ketyapsizlar?! Qo‘yib yuboringlar meni! – deb gimnastikachi yigitlarga yalina boshlabdi haligi odam...
Institut va universitetlarda kontrakt asosida o‘qiydigan, lekin darslarga qatnashmaydigan talabalarda ajoyib imkoniyat bor.
Ular bir necha million so‘mga to‘rt yil ichida savodsizlikni sotib olishlari mumkin. Kamlik qilsa, yana ikki yil bor...!
Travmatolog vrach malaka oshiruvchi talaba bilan birga bemorni ko‘zdan kechiryapti. Vrach:
— Mana qarang, bosh suyagi lat yegan.
Talaba:
— Balki, bosh-miya suyagidir?!
Vrach:
— Esing joyidami? Miya bormi bunda?! Miyasi bor odam, xotinini tug‘ilgan kuniga jazmanini boshlab keladimi?! Mana endi, nima ahvolda yotibdi...
Er xotini bilan hazillashmoqchi bo‘lib debdi:
— Azizam, senga bir sirni ochishim kerak!
— Nima sir ekan?
— Meni kechira olasanmi?
— Ichimni qizdirmasdan, ayting tezroq!
— Bizni qizimiz seni farzanding emas...
Bir odam sayyohlik firmasiga qo‘ng‘iroq qilibdi:
— Allo, men xorijda dam olmoqchiman!
— Qancha pulingiz bor?
— 500 ming!
— Damingizni oling!!!
Bir yigit shoshilib hojatxonaga kirsa, yonidagi xonadan ovoz eshitilibdi:
— Qalaysan
— (hayron bo‘lib) Yaxshi — debdi
— Nima qilayapsan
— Hojatxonada o‘tiribman!
— (past ovozda) Keyinroq telefon qilaman...bir ahmoq men bilan gaplashyapti
Bir tadbirkor o‘zi ochgan xususiy firma eshigi yonida mijoz kutib o‘tirsa, uzoqdan u tomonga kelayotgan yigitni ko‘rib qolibdi. Tadbirkor uni mijoz deb o‘ylabdi-da, yugurib borib telefon go‘shagini olib:
— Yo‘q, yo‘q! Bugun aslo iloji yo‘q! Ishlarimiz juda-yam ko‘p. Ertaga ham, indinga ham bandmiz. Keyingi hafta xabar oling! Navbatga yozib qo‘yaman, - deb gapira ketibdi.
Boyagi yigit esa tadbirkorga qarab turib:
— Telefon ustasi chaqirganmidingiz? Tarmoq ishlamayotgan ekan, tuzatishga kelgandim, - debdi.
YPH noziri avtomobilni to‘xtatib:
— Hurmatli haydovchi, siz hozirgina piyodaga yo‘l bermay qayrildingiz...
— Yo‘g‘-ye, bo‘lishi mumkinmas! Mana mashinamda videoregistrator bor...
Videoregistratordagi yozuvni sinchkovlik bilan tekshirib chiqqan YPH noziri haydovchining piyodaga yo‘l berganini ko‘ribdi.
Lekin haydovchi kun bo‘yi qilgan boshqa 4 ta qoidabuzarligi uchun jarimalar qog‘ozini haydovchining qo‘liga topshiribdi.
Bemorga vrach dori yozib beribdi-da, debdi:
— Bu dorilarni bir oy ichasiz. O‘ttiz kundan keyin ichib bo‘lgach yana ko‘rishamiz.
Bemor uyga borgach:
— To‘xta! Bu oy 31 kun-ku axir!!! - dermish boshi qotib!