Ota-bola mehmonga borishibdi. Bolasi dasturxondagi uzumdan olib yebdi-da otasiga:
— Dada, uzumda “U” vitamini bor. Yeb turish kerak! – debdi.
Yana birozdan so‘ng:
— Dada, yong‘oqda “Yo” vitamini bor. Yeb turish kerak! – deb yong‘oqni paqqos tushiribdi.
Mezbondan uyalib turgan dadasi, uy egasi tashqariga chiqishi bilan o‘g‘liga bir tarsaki tushiribdi-da, debdi:
— O‘g‘lim, tarsakida “T” vitamini bor. Yeb turish kerak!
Ikki sevishgan suhbatidan. Yigit:
— Seni shunchalik sevaman-ki, sen istagan narsangga aylanishim mumkin!
— Unday bo‘lsa, tez ishlaydigan internet bo‘la olasizmi?
— Tez ishlaydigan internet???
— Bilardim shunaqaligingizni...!
Shahardan qishloqqa kelin bo‘lib tushgan qizga qaynonasi:
— Molxonaga kirib, sigirni sog‘ib chiqing, - desa, kelin tovuqxonaga kirib ketayotgan emish. Qaynonasi:
— Qayoqqa ketyapsiz? Sigirni sog‘ing desam, tovuqxonaga kirib ketyapsizmi? – desa, kelin:
— Voy oyijon, hayvonlarga-yam alohida-alohida xona qilib berganmisizlar? – dermish.
Ertalab ko‘chaga chiqib qarasam, odamlar yugurib yurishibdi. Semiz odamlar yugurib ketishmoqda. Go‘yoki, “semizlik”dan qochib ketayotishgandek...
Er:
— Xotin, bugun nima ovqat qilding? – deb so‘rasa, xotini:
— Qo‘y go‘shtli tovuq sho‘rva, - degan ekan.
Ikki kampir poyezdda ketayotib gaplashib qolishibdi:
— Siz qayerga ketyapsiz, o‘rgilay?
— Namanganga. Siz-chi?
— Andijonga.
— Zamonimdan o‘rgilay! Bitta poyezdda ikkita joyga borsa-yam bo‘ladi-ya...
Bir yigit do‘stidan:
— Nega kechasi uxlamaysan? Biror muammoing bormi?
— Ha, muammoim bor! Tungi smenam!
Afandi 70 yoshda ekan. O‘g‘liga maqtana ketibdi:
— Men 30 yoshimda qanday kuchga ega bo‘lsam, hozir ham huddi shunday kuchim bor.
— O‘g‘li hayroon bo‘lib:
— Qanaqasiga ota? – debdi.
— Mana masalan, 30 yoshimda hovlidagi anavi to‘nkani ko‘tara olmas edim. Hozir ham ko‘tara olmayman...
Shunchaki o‘rnimga yotsam – uxlab qolaman.
Kitob o‘qish uchun yotsam - uxlab qolaman.
Biroz televizor ko‘ray, deb yotsam – uxlab qolaman.
Uxlash uchun yotsam, uxlab bo‘pman!!!
Doktor yoniga kelgan yigit debdi:
— Necha oydan beri muolaja qilasiz. Haligacha betobman.
Doktor:
— Siz mutlaqo sog‘lomsiz. Faqat miyangizga “Men sog‘lomman, men sog‘lomman” degan fikrni singdirishingiz kerak! Shunda hammasi joyida bo‘ladi, – debdi.
Yigit doktor xonasidan chiqib ketayotgan ekan, doktor:
— Muolaja pullarini to‘lamadingiz-ku axir!? – desa, yigit:
— “Men pul oldim, muolaja pulini oldim!” degan fikrni miyangizga singdiring. Shunda hammasi joyida bo‘ladi, - degan ekan.