Ota-ona haqida latifalar

— Qizim, senga juda ko‘p joydan sovchilar kelishdi. Endi turmushga chiqmasang bo‘lmaydi, - debdi otasi.
Qizi adasiga:
— Turmushga chiqgim kelmaydi. Chunki onamni sog‘inaman, - desa
— Onangni ham o‘zing bilan olib ketishing mumkin, - degan ekan otasi.
Ruhshunos ko‘rigiga kelgan bolakayga vrach savol beryapti:
— Mushukchani quloqlari nechta bo‘ladi?
— Ikkita.
— Oyoqlari-chi?
— To‘rtta.
— Dumi nechta bo‘lishini ayta olasan-mi?
— Oyi, bu tentak amaki umrida mushuk ko‘rmaganmi...?!
O‘g‘il:
— Dada, onaning ko‘z-yoshi bilan, xotinning ko‘z-yoshi o‘rtasida qanday farq bor?
— O‘g‘lim, juda katta farq bor! Onaning ko‘z-yoshi yurakka ta’sir qiladi, xotinning ko‘z-yoshi cho‘ntakka!
Maktabdan qaytgan oʻgʻil adasi gap boshlabdi:
— Sinfimizdagi Sarvarni adasi har kuni maktabdan olgan baholari uchun unga pul berar ekan. Masalan, “5” bahoga 1000 soʻm, “4” baho olsa – 500 soʻm, “3”ga 200 soʻmdan. Agar “2” olib kelsa, Sarvar yigʻgan pullaridan 1000 soʻm jarima toʻlashiga toʻgʻri kelarkan.
— Hoʻsh, doʻsting ancha pul yigʻibdimi?
— Qayoqda... Qarzlarini toʻlash uchun yakshanba kunlari paxta terimiga chiqyapti.
— Akmaljon, dadang kim bo‘lib ishlaydi?
— Meni dadam sehrgar.
— Qanaqasiga?
— Oylik maoshlari 1 million bo‘lsa ham har oy 5 millionlik harajat qiladilar. Qolgan pulni qayerdan oladilar bilmayman...
Qiz dadasiga qo‘ng‘irok qilib:
— Dada, meni tabriklang! Men turmushga chiqdim! - desa, dadasi:
— Meni qiziqtirmaydi. Kech kirishi bilan uyga qayt! - dermish.
Norboy aka o‘g‘lidan so‘radi:
— Ha, o‘g‘lim xayol surib qobsan, birortasidan ko‘nling bormi?
— Yo‘g‘e, dada.
— Uyalmay aytaver.
— Ada bittasi nima bo‘ladi.
Har yili maktabga linoleum uchun pul beraverishdan charchagan ota-onalar, bu yili sinf xonalariga asfalt yotqizishga kelishib olishdi.
Yosh o‘smir yigit uyga bir qulog‘iga zirak taqqan holda kirib kelibdi.
Otasi buni ko‘rib:
— O‘g‘lim, qadim-qadimdan zirakni yo qaroqchilar, yo hezalaklar taqqan. Hozir derazadan tashqariga qarayman, agar tashqarida kemangni ko‘rmasam, enangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman.
Bir o‘smir yigit uyidagilardan berkitib sigaret chekar ekan.
O‘qishga otlanib chiqqan yigit qarasa, gugurt uyida qolib ketibdi. Sigaretni labiga qistiribdi-da, ko‘chadagilardan “olov” so‘ray boshlabdi.
Yigitcha bir odamni yuziga qaramasdan, sigaretni yoqib olishga gugurt so‘rasa, yuziga shapaloq tushibdi.
— Yondimi? – debdi haligi kishi.
Yigit qarasa, ro‘parasida adasi turganmish.
— Yonish ham gapmi? Chaqmoq chiqdi, - degan ekan o‘smir yigit.