Pul-boylik haqida latifalar

"Tilla ovi" ko‘rsatuvida sobiq sevgan qizlarini birma-bir ismini sanab bergan va yutuqni qo‘lga kiritgan mashhur aktyorni xotini bir kun arazlabdi. Lekin onasini uyiga ketib qolmabdi.

Alkash odam do‘konga kirib sotuvchiga:
— Bir tomchi aroq qancha turadi? - desa, sotuvchi:
— Hechqancha, - debdi.
Alkash unga:
— Bir stakan aroq tomchilatib bering! - dermish.

— Dadamga o‘xshab 100 million maosh olishni xohlayman.
— Dadang shuncha maosh oladimi?
— Yo‘q, dadam ham shuni xohlaydi.

Shifokor ko‘rigida:
— Ayting-chi doktor, menga shu pullik operatsiyani qilish zarurmi?
— Albatta! Bu operatsiyasiz umuman Amirsoyga borib bo‘lmaydi.
— Men Amirsoyga borishni xohlamayman!
— Siz haqingizda gapirmadim...

Qari otaxon bankdagi omonat pullarini hammasini olib ketibdi-da, yarim soatdan keyin kelib yana bankka qo‘ymoqchiligini aytibdi.
— Axir pullaringizni hozirgina olib ketdingiz-ku?! - debdi bank xodimi.
Otaxon unga:
— Hamma pullarim joyida turganmikan deb sanab ko‘rdim-da bolam, - dermish.
Do‘stimga sms:
"Salom do‘stim! Yordaming kerak. Chiqimlarim ko‘payib ketdi. 300 dollar kvartiraga, 300 dollar mashinani kreditiga, 200 dollar arenda pullari, 100 dollar kommunal to‘lovlarga, 50 dollar bog‘cha puli va maktab chiqimlariga yana 150 dollar choyxona va "gap" pullarini berishim kerak".
Do‘stimdan javob:
"Hisoblab beraman. Jami 1100 dollar bo‘ladi. Minnatdorchilik shart emas!"
Quruq oylikka yashayapman deb, ONIX avtomobilini 150 ming dollarda sotib olsam hech kim hayron bo‘lmaydi. Lekin 1 yildan keyin uni yana 150 ming dollarga sota olsam, hamma menga qoyil qoladi.
— Xotin, qayoqqa ketyapsan?
— Do‘konga.
— Plastik kartamni oldingmi?
— Ha, oldim.
— Ichidagi pullarni ishlatmagin!
Bemorni shikoyatlarini eshitib o‘tirgan vrach hadeb "Yaxshi, yaxshi" deyaveribdi.
Bemor:
— Men dardimni aytsam, siz nimaga nuqul yaxshi deyaverasiz? - desa, vrach:
— Sizga o‘xshagan bemorlarni qabulimga kelib turgani yaxshi-da! - degan ekan.
— O‘g‘lim, bugun bog‘chada kim bilan o‘ynading?
— Faqat o‘g‘il bolalar bilan o‘ynab turaman hozircha.
— Nimaga?
— 8 mart o‘tib olsin!