Ishxona haqida latifalar

Bugun ishxonamizdan karantin e’lon qilib uyga javob berib yuborishdi.
Karantin vaqtida ham oylik maoshimiz to‘liq berilishini, tibbiy niqoblar dorixonalarda 500 so‘m ekanini, oziq-ovqatlarning narxi oshmasligini e’lon qilishdi.
Keyin shu joyda men uyg‘onib ketdim...
Boshliq xodimni chaqirib so‘rabdi:
— Siz tushlarni o‘ngidan kelishiga ishonasizmi?
— Ha, ishonaman, - debdi xodim.
— Unda siz ishdan bo‘shadingiz, - debdi boshliq.

Rais ishchilarga majlis o‘tkazyapti:
— Matqobul, siz yana hayfsan oladigan ish qildingiz! - debdi ishchilardan biriga.
Jim o‘tirgan boshqa bir ishchi chiday olmay o‘rnidan turib raisga debdi:
— Rais tog‘a, nega hadeb shu Matqobilga bir narsalar beraverasiz?! Bizda-yam bola-chaqa bor! Bizgayam biror martta bering-da o‘sha hayfsandan. Biz ham olaylik!

Ishga joylashmoqchi bo‘lgan nomzod suhbatdan o‘tmoqda:
— Tajribangiz bormi? - so‘rabdi rahbar.
— Ha, bu yigirmanchi suhbatim... - debdi nomzod.

Boshliq majlis o‘tkazayotsa, kimdir aksirib yuboribdi.
Hamma niqobda, boshliq kim aksirganini bilolmasdan:
— Kim aksirdi? - debdi.
Hamma jim!
— Kim aksirdi deyapman?!
Yana hamma jim!
Bir xodim sekin o‘rnidan turib "Tamomman endi" deb "Men, aksirdim boshliq" desa, boshliq:
— Sog‘ bo‘ling! - degan ekan.
Boshliq majlis o‘tkazyapti:
— Sattorov! Siz umuman ma’suliyatni his qilmayapsiz! Ishga kech kelasiz! Topshiriqlarni bajarmaysiz! Bunday davom etaversa, siz bilan birga ishlay olmaymiz! - desa, Sattorov o‘rnidan turib:
— Boshliq, qayoqqa ketmoqchisiz? - dermish.
Yaponiyaning Toyota kompaniyasi direktori bilan Asaka mashina zavodi direktori uchrashib qolibdi.
Toyota direktoridan o‘zbek direktori so‘rabdi:
— Sizlarni zavodingizda nechta injener ishlaydi?
— 7 nafar, - debdi yapon.
— Sizlarda-chi? - deb so‘rabdi u ham.
Asakalik akaxon ichida:
"Hozir menda 80 ta injener ishlashini aytsam, g‘alati bo‘lmasinmikin?!" - deb, 6 ta ishlaydi, - deb qo‘yaqolibdi.
Ertasi kuni Toyota direktorini ko‘rsa, ko‘zlari qizarib ketgan emish.
Asaka zavodini rahbari:
— Sizga nima bo‘ldi? - deb so‘rasa, yapon:
— Kechasi bilan uxlamay o‘ylab chiqdim. 7-injenerim nima ish qilyapti ekan deb, - dermish.
Bir yigit ofisdagi hamkasblariga:
— Men ertaga ishga kelmayman.
Hamkasblari:
— Nega?
Yigit:
— Hozircha bilmayman. Albatta biror bahona topaman.
— Do‘stim, men ishdan bo‘shadim!
— Nega bo‘shading?
— O‘zimni ishsizlikda sinab ko‘rmoqchiman.
— Boshlig‘imiz ish vaqtida internetda o‘yin o‘ynab o‘tirganim uchun mukofot pulidan meni mahrum qildi.
— Nega unga o‘yin o‘ynab o‘tirganingni sezdirding?
— Qanaqasiga sezmasin. Internetdagi o‘yinda raqibim boshlig‘im bo‘lib chiqdi.