Shifokorlar haqida latifalar

Bir kishi doktorning oldiga kelib:
— Doktor, shu yerimni ushlasam og‘riyapti, - desa, doktor:
— Ushlamang, og‘rimaydi! Sizdan 50 ming so‘m, - debdi.
Vrach qabulida:
— Doktor, tishlarim negadir sarg‘ayib to‘kilyapti...
— Bu axir tabiiy-ku! Hozir kuz fasli bo‘lsa...
Bir qiz doktorga kelib:
— Meni ari chaqib oldi, - debdi.
Doktor:
— Hechqisi yo‘q! Hozir malham surib qo‘yaman, - desa, qiz:
— Qanaqa qilib surasiz, ari allaqachon uchib ketdi, - debdi.
Shifoxonaga kelgan bemorga shifokor debdi:
— Uch mahal ichsangiz "otdek" bo‘lib ketasiz...
Bemor:
— Mayli. Lekin dorini nomini aytmadingiz-ku?! - desa, shifokor:
— Dorini nima aloqasi bor bu yerda?! - degan ekan.
Stomatolog tish olmoqda:
— Qo‘rqma Alisher, bu ishni diplomsiz ham uddalaysan!
Bemor:
— Meni ismim Alisher emas...
Stomatolog:
— Alisher menman!
Bosh vrachni tug‘ilgan kunida qo‘l ostidagi xodimlari "ajoyib" sovg‘a qilishmoqchi bo‘lib, uni operatsiya xonasiga chaqirishibdi:
— Ko‘richakni topib bo‘lmayapti, o‘zingiz ko‘rib bersangiz, - debdi xodimlari.
Bosh vrach ko‘richakni topaman deb bemorni qorniga qo‘lini tiqsa, qattiq narsa turganmish.
— Nima bu? Iye, mashinani kaliti nima qilyapti bu yerda?!
— Tabriklaymiz!!! - debdi hamma xodimlari bir ovozdan.
Millioner qariya betob bo‘lib qolsa, hamma qarindoshlari yig‘ilib olibdi.
— Ayting doktor, umid qilsak bo‘ladimi? - deyishsa, doktor:
— Umid qilmanglar! Bu oddiy shamollash, o‘tib ketadi, - dermish.
Og‘ir vaznli ayol taroziga chiqib, vrachdan so‘rabdi:
— Bunaqa vaznga mos kelishi uchun bo‘yim qancha bo‘lishi kerak?
Vrach:
— To‘rt metr bo‘lishi kerak...!
Bemor:
— Doktor, jigarim qattiq og‘riyapti.
Doktor:
— Tez-tez aroq ichib turasizmi?
Bemor:
— Voy har kuni ichaman, yordam bermaydi...
Ko‘zidan shikoyat qilgan bemor okulist ko‘rigiga kelibdi.
Turli xil harflar yozilgan Sivseva jadvalini bemorga ko‘rsatib vrach debdi:
— Xo‘sh bemor, oxirgi qatordagi so‘zlarni ko‘ryapsizmi? O‘qing-chi!
— O‘qituvchi nashriyoti. Adadi 5000.