Afandi haqida latifalar

Afandi savatday sallani o‘rab ko‘chada borar edi, yo‘lda bir kishi uning yo‘lini to‘sib, iltimos qildi:
— Taqsir, shu xatni o‘qib bersangiz?
— Men o‘qishni bilmayman,— dedi Afandi. U odam hayron bo‘lib so‘radi:
— Boshingizda shunday katta salla bilan xat o‘qishni bilmaysizmi?
Afandi boshidan sallasini olib, uning boshiga kiydirar ekan, aytdi:
— Gap sallada bo‘lsa ol, o‘zing o‘qi!
Afandi mast holda uyiga kirsa, uyida gaz hidi ekan. Afandi fikrlabdi:
"Hozir chiroqni yoqsam, yonib ketaman" deb, uyga sham yoqib kirgan ekan.
Afandi dadasiga debdi:
— Dadajon, ikkita yangiligim bor. Biri yaxshi, ikkinchisi yomon. Qaysi biridan boshlay?
Dadasi:
— Yaxshisidan boshlayqol!
Shunda afandi:
— Yangi olib bergan mashinangiz zo‘r ekan. Poygada u bilan albatta sovrinlarni qo‘lga kirita olaman. Yomon xabarni aytsam, shu olib bergan mashinangiz bilan Kaptivani orqasidan yetib olibman, - debdi.
Afandi yashaydigan qishloqda oʻzidan boshqa savodli odam boʻlmagan ekan.
Bir kishi afandini yoniga kelib:
— Menga maktub yozib bersangiz, narigi qishloqda yashaydigan qarindoshimga yubormoqchi edim, - debdi.
Afandi:
— Ilojim yoʻq. Oyoqlarim ogʻriyapti, - debdi.
— Xatni qoʻl bilan yozasiz-ku, oyoqlaringizni nima aloqasi bor? – debdi haligi kishi hayron boʻlib.
— Meni xatimni oʻqish uchun albatta oʻzimni chaqirishlariga toʻgʻri keladi. Men esa bora olmayman, - degan ekan afandi.
Kunlarning birida afandi bilan boy garov bog‘lashibdi. Kim tezroq va ko‘proq semirsa, pul yutug‘i o‘shaniki ekan.
Garov muddati tugay deb qolsa ham, afandi hech semirmasmish. Boyni esa kun sayin vazni ortib boraveribdi.
Vaqti kelib, boy afandining uyiga borib:
— Hoy afandi, chiq mana meni semirganimni ko‘r! Eshigingdan sig‘mayapman, - desa, afandi derazadan bilagini ko‘rsatib:
— Jimjaloq barmog‘imni o‘zi shunchalik bo‘lsa, qanday qilib eshikdan chiqaman?! – degan ekan.
O‘rtoqlaridan biri Afandini uyga taklif qildi. U mehmonxonaning to‘rida o‘tirgan edi, eshon kirib keldi.
— Qani, taqsir, buyoqqa o‘tsinlar, - deb, unga o‘z joyini bo‘shatib berdi.
Imom domla kirib keldi. Unga ham joy bo‘shatib, o‘zi sal pastroqqa o‘tirdi.
Keyin ellikboshi, birmuncha boyonlar kirib kelishdi. Afandi:
— Qani yuqoriga, yuqoriga, - deb, ularni ham to‘rga o‘tqizvordi.
Bundoq qarasa, o‘zi poygakka tushib qolipti. Afandining diqqati oshib turgan edi, eshikdan bir ko‘ppak it mo‘raladi. Ikkala qulog‘idan cho‘zib uni ham ichkariga tortdi-da:
— Bor, sen ham to‘rga chiq! - dedi.
Afandi kechasi uyqusi kelmay, ko‘chaga chiqib aylanib yurgan edi, ittifoqo bir o‘g‘riga duch kelib qoldi.
— Kimsan?! Bemahalda nima qilib yuribsan? - do‘q urdi o‘g‘ri.
— Shu shaharning o‘g‘rilaridanman,— dedi Afandi ham bo‘sh kelmay. O‘zing kimsan?!
— Men ham boshqa bir shahardan kelgan zo‘r o‘g‘riman. Uchrashganimiz yaxshi bo‘ldi, ikkalamiz bahamjihat ish qilamiz. Men yangi kelganman, hali bu shaharning pasti balandini yaxshi bilmayman. Qani aytingchi ishni qayerdan boshlasak bo‘ladi?
— Shahar qozisining bir oq hangi eshagi bor. Avval shuni o‘g‘irlasak, keyin bozorga borib, ikkita qop bilan ozroq arqon o‘g‘rilasak, innaykeyin shishafurushning do‘konidan shisha o‘g‘irlab ikki qopga liq to‘lg‘izsakda, bizning hovliga oborib ko‘mib qo‘ysak yomon bo‘lmas edi. Shunda anchagacha jonimiz tinchirdi-da! Qalay, bu maslahatim sizga yoqadimi?.
— O‘g‘ri javob berguncha bo‘lmay, mirshablar kelib qolishdi. O‘g‘ri shilt urib qochib ketdi, Afandi qo‘lga tushib qoldi. Uning dod-faryodiga quloq solmay, olib borib zindonga tashladilar...
Ertalab uni so‘roqqa olib chiqishdi.
— Xo‘sh Afandim,— dedi hokim,— sizni tuppa-tuzuk odam deb yursak, o‘g‘ri boshi ekansiz-ku! Nima qilib o‘g‘ri bilan tun qorong‘isida gaplashib turuvdingiz?
— Endi maslahatlashayotuvdik-da. To bir qarorga kelguncha bo‘lmay, mirshablaringiz ushlab olishdi.
— Nima maslahat qilayotuvdingizlar?
— Avval qozining oq eshagini o‘g‘irlab, undan keyin bozordan qop bilan arqon olib, innaykeyin shishafurushning do‘konini urmoqchi edik.
Hokim huzur qilib kuldi:
— Axir o‘ylang, Afandim! Bunga siz ovora, biz ovora, eshak ovora. Shu ham o‘g‘rilik bo‘ldimi? Ha, eshak o‘g‘rilikka arziydi...
— Quloq soling, taqsir. Eshakni vaqtincha omonat o‘g‘irlab, shishani yetkazib olgach, yana qozining eshigidan sekin kirgizib yubormoqchi edik-da.
— Iye, o‘g‘rilikning omonati ham bo‘ladimi?
— Ish bitguncha-da, taqsir. Nima qilamiz, jonli narsani asrab, boshimizga dahmaza orttirib. Yem-xashak uchun tag‘in birovni qon qaqshatish yaxshimi?!
Hokim yana kulib yubordi:
— Shishaning yuztasini bir tangaga ham olmaydi-ku! Shuyam o‘g‘rilik bo‘ldimi?!
— Xo‘p, bo‘lmasa sizningcha nima qilishimiz kyerak edi?
— Kiroyi o‘g‘rilik qilganga yarasha podshoning g‘aznasini ursang ekan.
— Mana shuni sizga o‘xshagan tajribali odam yotig‘i bilan tushuntirib bersa, durust bo‘larkan-da. Eh, attang! Ha mayli, endi bundan keyin siz bosh qo‘shsangiz, biz bajonidil xizmatingizga tayyormiz.
Afandi tushlikka tuxum yegisi kelib tovuqxonaga tuxum olishga kirsa, tovug‘i tilga kirib "Hozir obed. Keyin keling!" dermish.
Bir kuni afandi aroq do‘koniga kirsa. Ostonada bir mast uxlab yotgan ekan. Shunda Afandi sotuvchiga qarab debdi:
— Bu mastni uyiga olib borib qo‘ymasizmi?
Sotuvchi javob beribdi:
— Axir bu bizning reklamamiz-ku!
Bir kuni Afandining uyiga Ali degan do‘sti mehmonga boribdi.
Bir payt Afandi qarasa, Ali dasturxondagi kumush qoshiqni cho‘ntagiga solayotganmish. Topqir Afandi shunday debdi:
— Qaranglar, hozir men qoshig‘imni cho‘ntagimga solaman. Bir zumda qoshig‘im Alining cho‘ntagida paydo bo‘lib qoladi. Mana...
U shunday deb Alini cho‘ntagidan o‘g‘irlangan qoshiqni olib qo‘ygan ekan.