Afandi haqida latifalar

Afandi qozilik qilib turganda, bir dehqon bilan duradgor arzga keldilar. O‘z foydasiga hukm chiqarishini iltimos qilib duradgor Afandiga eshik, dehqon esa ho‘kiz pora berdi. Afandi masalani kimning foydasiga hal qilish haqida ko‘p o‘ylanib, oxiri dehqon foydasiga hukm chiqardi.
Bundan xafa bo‘lgan duradgor:
— Taqsir, bizning eshik nima bo‘ldi? - deb so‘radi.
— Eshigingizni ho‘kiz suzib sindirib qo‘ydi, - javob berdi Afandi.
Afandini eshaklari ko‘p ekan. Ularni beshtasini tanlab bozorga sotishga olib ketibdi. Yo‘lda charchab bittasiga minib olibdi. Endi eshaklarini sanab qarasa to‘rtta ekan. Afandini rosa boshi qotibdi. Oxiri eshagidan tushib yo‘qolgan eshagini izlay boshlabdi. Izlab-izlab yana yo‘qolmadimikin deb eshaklarini sanab ko‘ribdi. Sanasa beshta chiqibdi.
Afandi bir ashulachining ovozini hech yoqtirmas, u qayerda ashula aytsa, sekin turib ketar edi. Bir kuni Afandi ko‘chada ketayotsa, o‘sha ashulachi bir bola bilan kelayotgan ekan. Afandi so‘radi:
— Bu bola kimingiz bo‘ladi?
— O‘g‘lim,— dedi ashulachi.
Afandi peshonasiga urib dedi:
— Biz-ku, mayli edi-ya, endi bola-chaqalarimizning ham sho‘ri qurir ekan-da!
Afandi xotini bilan ketayotsa, bir yigit chiroyli qizni qo‘lini qattiq ushlab olib she’r o‘qib berayotgan ekan.
Afandi:
— Hoy yigit, nima qilyapsan? Qo‘yib yubor qizni qo‘lini! - desa, yigit:
— Mashq qilyapman. Uylansam, xotinimni ko‘nglini olish oson bo‘lsin deyapman.
Afandini xotini eriga qarab:
— Uylanmasdan avval qo‘lingiz singanmidi?! - dermush.
Poshsho bir kuni Afandini koyidi:
— Falonchiga bir ish buyursam, hamma vaqt ikki-uch ishni biryo‘la bajarib keladi. Siz esa birorta ishni ham tuzukroq bajarib kelolmaysiz!
Ittifoqo bir kuni poshsho kasal bo‘lib, tabib aytib kelishni Afandiga buyurdi.
Afandi borib to‘rt kishini boshlab keldi-da, poshshoga ta’zim qilib, faxr bilan dedi:
— Kamina qulingiz ham to‘rt ishni bir yo‘la bajarib keldi, mana!— Orqada turgan odamlarni ko‘rsatdi.
— Men sizni tabibga yuborgan edim, bular kimlar, nima ish qilishadi?—so‘radi poshsho g‘azablanib.
— Taqsir, kasalsiz, issiq jonga ishonch yo‘q. Bularning biri — tabib, sizni davolaydi, ikkinchisi sol, bordi-yu, o‘lib qolgudek bo‘lsangiz murdangizni yuvadi, uchinchisi — janozangizni o‘qiydigan imom, to‘rtinchi-si bo‘lsa — go‘rkov,— deb javob berdi Afandi.
Podsho bir kuni Afandidan so‘radi:
— Afandi, mening qadr-qimmatim qancha bo‘lar ekan?
Afandi o‘ylanib turib javob berdi:
— Qadr-qimmatingiz yuz tilladan oshmaydi. Podshoning achchig‘i kelib, g‘azab bilan qichqirdi:
— Nega mening qadr-qimmatimni bunchalik pastga urasan, belimdagi kamarimning o‘zi yuz tilla-ku!
— O‘zingizni bosing, Podsho,— dedi Afandi,— shuning uchun yuz tilla dedim-da. Agar belingizdagi kamar bo‘lmasa, o‘zingiz bir chaqaga ham arzimaysiz.
Afandi bozordan tog‘ora olib kelayotgan edi, yo‘lda birov duch kelib:
— Qani, taqsir, tog‘orani menga bering, ko‘tarishib ketay,— dedi-da, Afandining qo‘lidan tog‘orasini oldi.
Uyga yetdilar. Afandi odamgarchilik yuzasidan u kishini mehmon qilib jo‘natdi. Biroq bu kishi har kuni kelib, Afandi bilan so‘rashib:
— Xo‘sh, qalay, tog‘ora omonmi?—deb so‘raydigan bo‘lib qoldi.
Har gal kelganida, Afandi uni holi-qudrat mehmon qilib jo‘natardi. Bu holning uzluksiz davom etishidan Afandi juda zerikdi.
Kunlarning birida, u kishi yana kelib, eshik qoqqan edi, Afandi tog‘orani ko‘tarib chiqdi. U ham so‘rashib bo‘lgach:
— Ha, qalay, tog‘ora omonmi?—deb so‘ragan edi. Afandi tog‘orani yerga tashlab yubordi. U yerga tushib sindi.
— Ha, tog‘ora shu damgacha omon edi, hozir ko‘z oldingizda jon berdi,— deb Afandi uyga kirib ketdi.
Afandining bir kamsut, qisir qolgan, suzong‘ich sigiri bor edi. Uni yetaklab bozorga sotgani olib bordi. Afandi bozorda turib xaridor chaqirar edi:
— Bir qoshiq suti bor, xolos, qisir qolgan, orqadan kelganni tepadi, oldidan kelganni suzadi, kim olsa puliga kuyadi!
U kechgacha shu xilda javrab turdi, birorta xaridor Afandining yoniga yo‘lamadi. Afandining rostgo‘y, soddaligidan hayron bo‘lgan bir dallol kelib sigirni sotib bermoqchi bo‘ldi-da; sigirni maqtay ketdi.
— Kunda to‘rt tovoq sut beradi, qornida to‘qqiz oylik bolasi bor, erta-indin tug‘adi, qo‘ydan ham yuvosh, kimki olsa foyda qilib, pulidan baraka topadi.
Dallolning so‘zini eshitib, xaridorlar kela boshladi. Afandi sigirni dallolning qo‘lidan olib:
— Sigirimda bunday xislatlar bor ekan, sotib nima qilaman,— dedi-da, yetaklab bozordan chiqib ketdi.
Afandini qozilik lavozimiga qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Uni oldin podsho ulamolar o‘rtasida imtihon qilib ko‘rish kerak edi. Afandini chaqirib kelishdi.
— Faraz qilaylik, bir odamning echkisi bor,— dedi podsho Afandiga,— uni bozorga olib bordi. Bir odamga «bor baraka top» qilib sotdi. Hali pulini olguncha bo‘lmay, echki qo‘lidan chiqib qochdi. Bir odam uni ushlayman degan edi, echki suzib, uning ko‘zini chiqardi. Endi bunga pulni kim to‘laydi? Sotuvchimi, oluvchimi?
Afandi dovdirab qoldi. Keyin tavakkaliga:
— Sotuvchi...— deb yubordi.
— Sabab?
— Chunki «echkim suzog‘ich, qochganda tutaman degan kishining ko‘zini chiqazib ko‘r qiladi»— deb avvaldan aybini aytmagan.
Bir kuni shiringina Latifa, oyisidan so‘rabdi:
— Oyijon nimaga meni ismimni Latifa qo‘ygansiz? - desa
Afandi dadasi:
— Oying Tabassumxon, men Afandi bo‘lganimdan keyin, sen ham Latifa bo‘lasande qizim, — dermish