Afandi haqida latifalar

Podsho ertalab ovga borar edi, ro‘parasidan Afandi chiqib qoldi. Afandining ko‘rinishi ancha hunuk bo‘lganidan, podsho xodimlariga buyurdi:
— Ovning boshidan shunday badbashara odam uchradi, bugun ov yurishmaydi, olib bor zindonga sol buni, hali ovdan qaytganda gaplashaman bu bilan!
Olib borib Afandini zindonga tashladilar. Ammo shu kuni podshoning ovi juda yaxshi yurishdi. podsho ovdan qaytgach, Afandini chaqirtirib dedi:
— Agar bugun ovim yurishmaganda, seni o‘ldirar edim, baxting bor ekan.
— Bir savol so‘rasam maylimi?—dedi Afandi.
— So‘ra!
— «Baxtsizlik keltiradi, ovim yurishmaydi» deb meni ertalab qamatdingiz, aksincha, ovingiz yurishib ketdi. Men ham bola-chaqamning shu bugungi tirikchiligi uchun bir parcha non topgani chiqqan edim, kechgacha zindonda yotib, tirikchilikdan qoldim, bola-chaqamning holi nima kechganini bilmayman. Qani, ayting-chi, ikkalamizdan qaysi birimiz baxtsizlik keltirar ekanmiz?
Afandining uyiga uzoqdan bir do‘sti mexmon bo‘lib kelibdi. Dasturxon shirinlik va mevalar bilan bezatilgan ekan.
Mehmon tarvuzdan yeb turib debdi:
— Do‘stim, bu qora-qorachalari nima?
— Bu - shu mevaning danagi! Mana lagancha bemalol danagini ajratib yeyavering.
Bir oz o‘tib mehmon yana bir mevani yeya boshlabdi.
Afandi:
— Do‘stim buni yeyish kerak...
Mexmon:
— Men nima qilyabman?
Afandi:
— To‘g‘ri yeyabsiz, lekin po‘chog‘ini yeyabsiz...
— O‘zingiz aytdingiz-ku, danagini ajrating deb...
— To‘g‘ri aytdim, lekin bu - Anor! Buni danagini yeyish kerak!
Bir kuni podshoh xizmatkorlarini chaqirib debdi:
— Sizlarga bir kun muhlat. Agar ertaga gapiradigan qushni topib kelmasanglar, hammangizni jazolayman!
Xizmatkorlari nima qilishini bilmay, tuni bilan chora izlashibdi. O‘ylab-o‘ylab, afandiga murojat qilishibdi. Afandi:
— Aslo qayg‘urmanglar. Menda chora bor, - debdi.
Ertasi kuniga shoh saroyiga katta qora qarg‘a bilan afandi kirib kelibdi. Buni ko‘rgan xizmatkorlar jonlaridan umidini uzib turishsa, shoh qarg‘aga qarab:
— Manavi odam karmi? - deb xizmatkorlaridan birini ko‘rsatibdi. Shunda qarg‘a "Karrr" desa, podshoh quvonib:
— Ana bo‘larkan-ku! - dermish.
Bir yigit sog‘lig‘i yomonlashib nima qilishni bilmay tursa, afandi kelib qolibdi.
Yigit afandiga bor gapni aytib, nima qilishga boshi qotib tursa, afandi kimningdir telefon raqamini terib:
— Allo, bu Sog‘liqni saqlash vazirligimi? Do‘stimning sog‘lig‘ini saqlab bering, - degan ekan.
Bir kuni Afandi uch-to‘rtta o‘rtog‘ini uyiga boshlab keldi. Xotiniga kirib: «Bir quling o‘rgilsin palov qilgin» dedi.
— Voy, qiziqmisiz? Axir uyimizda na guruch bor, na go‘sht, na yog‘ bor. Nima bor, nima yo‘qligini surushtirmay-netmay, mehmon boshlab kelaverasizmi?!
— Xo‘p-xo‘p xotin, sal o‘pkangni bosib ol. Hech bo‘lmasa, dasturxonga bo‘sh laganni olib chiqib qo‘ygin, o‘zim gapning kiftini keltiraman.
Xotini ham eri aytganday qilib, bo‘sh laganni dasturxonga olib chiqib qo‘ydi.
— Og‘aynilar,— dedi Afandi,— Agar uyimizda guruch, yog‘, go‘sht bo‘lganida edi, hozir shu bo‘sh laganda bug‘i chiqib turgan palov bo‘lardi...
Afandi bir o‘rtogi bilan yotar edi, o‘rtog‘i uyg‘onib Afandidan so‘radi:
— Afandi, uyg‘oqmisiz?
— Ha, nima qildi?,
— Sizdan bir oz pul so‘ramoqchi edim.
— Unday bo‘lsa men uxlayapman,— dedi Afandi.
Afandi hokimning mahkamasida o‘tirgan edi, bir o‘g‘rini tutib kelishdi. Hokim o‘g‘rini tanib baqirdi:
— Ablah, qanday benomus o‘g‘risan? Shu bilan mahkamamga sakkizinchi marta kelishing!
Buni eshitib Afandi kulib yubordi. Hokim Afandiga zahrini sochdi.
— Nega kulasiz? Afandi javob berdi:
— Mahkamangizga bu o‘g‘ri sakkiz marta kelgan bo‘lsa nima qipti, har kuni keladigan o‘g‘rilar ham bor-ku!
Poshsho Afandidan g‘azablanib, «Ikkinchi yuzingni ko‘rmayin!» dedi-da, uni saroydan haydab chiqardi.
Kunlarning birida u ko‘chaga chiqqan edi, odamlarning ko‘cha supurib, suv sepib, yo‘lning ikki tomoniga tizilishib turganlarini ko‘rdi.
— Nima gap? — ajablanib so‘radi u.
— Poshsho o‘tadi,— kimdir javob berdi.
Afandi odamlar qatorida turgan edi, poshsho kelib qoldi. U darhol poshshoga orqasini qilib turdi. Poshsho g‘azablanib qichqirdi:
— Qanday odamsan, nimaga teskari turibsan!
— Ikkinchi betingni ko‘rmayin degan edingiz, shohim betimni ko‘rmasa, ketimni ko‘rsin deb turibman,— javob berdi Afandi.
Afandi ko‘chadan o‘tib ketayotgan edi, bir to‘da bekorchilar uni to‘xtatib so‘radilar:
— Afandi, bir masalada tortishib qoldik, hal qilib bering, dunyoning kengligi qancha ekan?
Shu payt o‘lik ko‘tarib o‘tib qoldilar. Afandi tobutni ko‘rsatib dedi:
— Ana u dunyoni o‘lchagani ketayotibdi, orqasidan borsalaring anig‘ini bilib kela qolasizlar!
Bir mehmondorchilikda yosh surishtirib qolishdi. Afandiga kelib birov:
— Afandi, siz nechaga kirdingiz?—deb so‘radi.
— Bu yil qirqqa kirdim,— dedi Afandi.
— Iye,— dedi boyagi kishi,— bundan o‘n yil ilgari ham qirqqa kirdim degan edingiz-ku?
Afandi javob berdi:
— Qiziq odam ekansiz, kishining gapi bitta bo‘ladi-da.