Afandi haqida latifalar

Afandi kasal bo‘lib tabibga borgan edi, g‘oz sho‘rva ichishni buyurdi. G‘oz sotib olishga qurbi yetmaganidan Afandi yelkasiga kamalakni osib, beliga ikkita nonni tugib, ko‘lga g‘oz ovlagani bordi. Qarasa, ko‘lda g‘oz ko‘p, biroq u kechgacha urinsa ham, bironta g‘oz ovlayolmadi. Nihoyat charchab, och qolib ko‘lning suviga non botirib yeya berdi. Shu vaqt bir ovchi kelib:
— Ha, Afandi nima qilib o‘tiribsiz!—so‘radi.
— G‘oz sho‘rva ichayotibman,— javob berdi Afandi.
— Go‘shti qani, yo‘q-ku?
— Go‘shtini tuzlab patiga o‘rab qo‘ydim, huv, ana!— deb uchib ketayotgan g‘ozlarni ko‘rsatdi Afandi.
Bir kuni Afandi go‘sht olib keldi. Xotini undan so‘radi:
— Nima ovqat qilay?
— Bilmayman, bu qanaqa ovqatga yarasa, o‘shani qila ber!
Xotini go‘shtni qo‘liga olar ekan suyunib:
— Qo‘y go‘shti yaxshi narsa-da, undan hamma narsani pishirish mumkin,— dedi.
— Unday bo‘lsa,— dedi Afandi,— hamma narsani pishira ber!
Shahar hokimi ovqatdan boshqa narsani sira o‘ylamas edi. Bir kuni u shaharning ko‘zga ko‘ringan odamlarini chaqirib, ulardan bilgan ovqatlarining nomini yozib berishini talab qildi.
Ular orasida Afandi ham bor edi. U hokimdan ertalabgacha muhlat olib ketdida, nonushtada kelib hokimga arz qildi:
— Asal bilan sarimsoq piyoz qo‘shib qovurilsa, ajoyib ovqat bo‘ladi.
Hokim darhol oshpaziga o‘shanday ovqat tayyorlashni buyurdi.
Ovqat keltirilgach hokim bir qoshiq yedi-da, Afandiga qarab qichqirdi:
— O‘zing topgan ovqatingni o‘zing ye, ahmoq! Afandi noiloj yeya boshlagan edi, hokim so‘radi:
— Qalay, ajoyib lazzatli ovqat ekanmi?!
— Taqsir, men buni faqat o‘ylab ko‘rgan edim, xolos. Biror marta bunday ovqat qilib yegan emasman. Endi bilsam, xayol haqiqatga to‘g‘ri kelmas ekan,— javob berdi Afandi.
Bir kuni Afandi xazina topishga kirishdi va yer kavlay boshladi. 200 metr kavlasa, bir varoq chiqibdi, u varoqda:
— Tepaga chiqishni o‘yla, - deb yozilgan ekan.
Afandi savat ko‘tarib bir boqqa o‘g‘irliqqa kirdi, har xil uzumlar bilan savatni to‘latib turganda, bog‘bon kelib yoqasidan bo‘g‘di:
— Nega boqqa kirding?!
Afandi undan balandroq keldi:
— Bo‘lmasa nega xotiningga kavush olib bermading?
— Iye, ali desa, bali deydi-ya, bu odam. Xotinimning kavushi bilan sening nima ishing bor?
— Qiziq odam ekansan, gapni kavlasang, gap chiqadi, o‘g‘irliqqa kirdim deymi bo‘lmasa!..
Afandi bozordan ho‘kiz olib kelayotgan edi, yo‘l-yo‘lakay «Afandi, ho‘kizni sotib oldingizmi, qancha bo‘ldi?»—degan savollar yog‘ilib ketdi. Afandi jonidan bezor bo‘lib, arqonning bir uchini o‘z bo‘yniga bog‘lab oldi, yana bir odam:
— Afandi, ho‘kizni oldingizmi?— deb so‘ragan edi, u:
— Yo‘q, birodar, ho‘kiz meni oldi, narhimni undan so‘rang,— dedi.
Afandi ko‘chada bir odamni bekordan-bekorga ahmoq dedi. U odam Afandining boshiga musht o‘qtalib keldi.
— Kim ahmoq!
— Shu kelishing rost bo‘lsa, men ahmoqman,— javob berdi Afandi.
Afandining 2 yoshli o‘g‘li bor ekan, u faqat "ha" degan so‘zni bilar ekan.
Afandi bozorga ketibdi, uyiga o‘g‘ri tushib boladan so‘rabdi:
— Uyingda bir o‘zingmisan?
— Ha.
— Uyingda oltin bormi?
— Ha.
— Tashqaridami?
— Ha.
O‘g‘ri qazib-qazib, charchab, jahli chiqib:
— Ey bola, sen meni aldadingmi, — desa.
Bola:
— Ha, — dermish.
Afandidan odamlar so‘radilar:
— Siz kattami, akangiz kattami?
— Bultur akam mendan bir yosh katta edi, bu yil yoshimiz baravar bo‘lsa kerak, — dedi Afandi.
Afandini saroyga chaqirishibdi. Afandi saroyga kirib qarasa, hammaning qo‘lida tuxum bor ekan.
Podsho so‘rabdi:
— Afandi sani tuxuming qani?
Shunda Afandi aytgan ekan:
— Shuncha tovuqni ichida bitta xo‘roz ham bo‘lish kerak-ku!!!